Saudiya Arabistonida 2023 yilgi Haj mavsumi boshlanishi munosabati bilan Umra ziyorati bir muddatga qoldirildi. Bu haqda O`zbekiston Umra ziyoratlari Assosiasiyasiga tayanib, “Daryo” xabar yozmoqda.
Ma`lum qilinishicha, Saudiya Arabistoni Podshohligi 5 maydan Umra safariga viza berishni to`xtatgan.
“Doimiy tartib shunday. Umra safariga viza berilishi Muharram oyigacha ya`ni 20 iyulgacha to`xtatilgan. Bu haqda Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va umra ishlari vazirligi rasman e`lon bermagan bo`lsa-da, amalda viza berish to`xtatildi”, — deyiladi Assosiasiya axborotida.
Qo`shimcha qilinishicha, 15 maydan e`tiboran Makka shahriga kirish ham rasman to`xtatiladi va faqatgina Makkada yashash ruxsatnomasi bor insonlargina shaharga kiritiladi.
Ma`lumot uchun, 2022 yilda O`zbekistonda 12 ming 45 nafar ziyoratchi Haj amallarini, 61 mingdan ortiq ziyoratchi Umra amallarini ado etgan. Joriy yilgi ramazon oyida 1400 nafar kam ta`minlangan fuqaro umra ziyoratiga yuborilgan edi.






