“Ma`muriy islohotlar doirasida O`zbekiston Respublikasi Milliy antidoping agentligi faoliyatini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qarori (PQ–149-son, 08.05.2023 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.
Qarorga ko`ra, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi O`zbekiston Respublikasi Milliy antidoping agentligi etib qayta tashkil qilindi.
Milliy antidoping agentligi, jumladan:
- respublika ijro etuvchi hokimiyat organi maqomiga ega bo`lib, o`z faoliyatida Prezident hamda Vazirlar Mahkamasiga hisobdordir;
- Butunjahon antidoping agentligining talablari va qoidalari bajarilishi ustidan doimiy monitoring olib boradi hamda tezkor joriy etadi.
Qarorga muvofiq, vazirlik va idoralarda yagona mehnatga haq to`lash tizimi joriy qilingunga qadar 2023 yil 15 maydan Milliy antidoping agentligi xodimlariga quyidagi miqdorda ko`p yillik ishlaganlik uchun har oylik ustama to`lanadi (rag`batlantirish koeffisientini inobatga olgan holda lavozim maoshiga nisbatan koeffisientlarda):
▫️1 yildan 3 yilgacha – 0,3;
▫️3 yildan 5 yilgacha – 0,6;
▫️5 yildan 10 yilgacha – 0,8;
▫️10 yildan 15 yilgacha – 1;
▫️15 yildan 20 yilgacha – 1,2;
▫️20 yildan yuqori – 1,5.
Respublikada va xorijda o`tkaziladigan musobaqalarda doping-sinamalar olish huquqiga ega bo`lgan xalqaro toifadagi doping ofiserlarni Xalqaro test agentligida (International Testing Agency) o`qitish yo`lga qo`yiladi.
Shuningdek, antidoping nazorati va monitoringi sohalari raqamlashtiriladi. Bunda:
- doping-test va doping nazoratini tashkil qilish, sportchilar haqida ma`lumotlarni to`plash va saqlashga oid sportchining “biologik pasporti” (ABP) onlayn tizimi joriy etiladi;
- sportchilar uchun antidoping ta`lim elektron platformasi yaratiladi;
- bosqichma-bosqich Sportda taqiqlangan moddalarni tekshirish milliy platformasi joriy etiladi.






