Ijtimoiy tarmoqlarda yarim yalong`och kiyimdagi ayolning axloqsiz qiliqlari tasvirga olingan video tarqaldi. Unda ayolni Buxoro viloyati, Qorako`l tumanidagi 4-maktab psixologi ekanligi aytilgan.
Viloyat Ichki ishlar boshqarmasining aniqlanishicha, videorolikdagi qiz, Qorako`l tumani “Tinchlik” mahallasida yashovchi, 2007 yilda tug`ilgan, 4-maktabning 10 sinf o`quvchisi T.Sh. U ushbu videotasvirni taxminan ikki yil oldin o`z uyida va telefoniga olgan. Ushbu videotasvir o`ziga noma`lum bo`lmagan holatda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketgan.
Tasvirlarning ijtimoiy tarmoqlarda tarqab ketganidan so`ng, qizning buvisi T.T. tuman IIBga arz qilib, ushbu videoni internet tarmog`ida tarqatib, nevarasining sha`ni va qadr-qimmatini kamsitganlarga nisbatan qonuniy chora ko`rishlarini so`ragan.
Ma`lum qilinishicha, hozirda mazkur holat yuzasidan tuman IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan O`zbekiston Respublikasi JK.ning 141/3-moddasi 2-qismi “v” bandi (o`n sakkiz yoshga to`lmaganligi aybdorga ayon bo`lgan shaxsning sha`nini va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi ma`lumotlarini oshkor qilish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, hozirgi kunda tezkor texnik, surishtiruv hamda tergov harakatlari olib borilmoqda.
"Jinoyat ishi doirasida aybdorlarning shaxsiga to`la aniqlik kiritilib, ularning harakatlariga huquqiy baho beriladi hamda jinoyat uchun jazo muqarrarligi ta`minlanadi.
Hurmatli ijtimoiy tarmoq kuzatuvchilari, mustaqil jurnalist va blogerlar!
Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda ushbu holatni turlicha talqin qilmasliklaringizni, tergov harakatlarining odilona, xolis va to`laqonli olib borilishiga shubha tug`dirmasliklaringizni so`rab qolamiz" - deyiladi IIB bayonotida.






