AsosiyJamiyat

Yangilangan Konstitusiyamizda davlatning ijtimoiy majburiyatlari 3 barobar ko`paytirilayotgani ma`lum qilindi

'Yangilangan Konstitusiyamizda davlatning ijtimoiy majburiyatlari 3 barobar ko`paytirilayotgani ma`lum qilindi'ning rasmi

Mamlakatimiz suverenitetini yanada mustahkamlashda global iqlim o`zgarishi, oziq-ovqat, energetika, logistika bilan bog`liq xavf-xatarlar, suv taqchilligining salbiy ta`sirini yumshatish bo`yicha yangi tashabbus va dasturlar ishlab chiqilishi va hamkorlarimiz bilan birga faol ish olib borilishi qayd etildi.

"Biz O`zbekistonni ijtimoiy davlat, deb e`lon qildik. Mamlakatimizda 2 million 200 mingdan ziyod ijtimoiy ko`makka muhtoj, davlatdan yordam olayotgan oilalar bor. Aholimizning 55 foizi yoshlardan iborat. 

Yangilangan Konstitusiyamizda davlatning ijtimoiy majburiyatlari 3 barobar ko`paytirilmoqda. 

Bu raqamni aytish oson, lekin uni amalda ta`minlash juda katta mehnat talab qiladi. Bunga davlat byudjetidan har yili qo`shimcha 30-40 trillion so`m ajratish kerak bo`ladi", - dedi Prezident.

Buning hisobidan har yili yuzlab yangi bog`chalar, maktab va shifoxonalar qurish lozimligi ta`kidlandi.

Yoshlar siyosatini, ta`lim-tarbiya, ilm-fan, madaniyat va sport sohalarini rivojlantirishni ustuvor vazifa sifatida yuqori bosqichga ko`tarish bo`yicha ham yangi imkoniyatlar safarbar etiladi.

Nuroniylar, yolg`iz keksalar, nogironligi bo`lgan insonlar, alohida e`tiborga muhtoj aholi qatlamiga ijtimoiy xizmatlar ko`lami yanada kengaytiriladi.

Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori muntazam oshirib boriladi.

"Nima uchun aholimiz referendumda bunchalik faol bo`ldilar, nimaga ular islohotlarimizni qo`llab-quvvatlamoqdalar?

Chunki Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyatlarimizning qishloq va ovullaridan tortib, poytaxtimiz mahalla va ko`chalaridagi ulkan bunyodkorlik va obodonchilik ishlarini o`z ko`zlari bilan ko`rayaptilar", - dedi Prezident.

Birgina misol, o`tgan yildan boshlab “Ochiq byudjet” tizimi joriy etilgani qishloq va mahallardagi oddiy-oddiy odamlarimiz kayfiyatiga qanday ijobiy ta`sir ko`rsatganini hammamiz ko`rib, bilib turibmiz.

Lekin, odamlarimizning o`sib borayotgan talablarini qondirish uchun hozirgidan ko`ra ikki karra ko`p ishlarni bajarishimiz kerak.

Mamlakatimizda kambag`allik borligi tan olinib, alohida dasturlar asosida uni qisqartirish bo`yicha katta ish olib borilmoqda.

Shu maqsadda aholi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta`minlash, ularning daromadini oshirish borasida “uchta daftar”, ijtimoiy reestr tizimi yo`lga qo`yilib, salmoqli natijalarga erishildi. 

"Asosiysi, fuqarolar islohotlarimizni qo`llab-quvvatlamoqda. Lekin, hali qiladigan ishlarimiz ko`p.

Bu borada odamlarimiz yangilangan Konstitusiyadan, biz joriy etayotgan yangi tizimdan ko`p narsalarni kutmoqda. Aholimizga munosib turmush sharoitlarini yaratish uchun, eng avvalo iqtisodiy o`sishni ta`minlash zarur. 

Yalpi ichki mahsulotimiz hajmini hozirgi 80 milliard dollardan yaqin yillarda 160 milliard dollarga etkazish uchun bor imkoniyatlarni ishga solishimiz kerak. Bu – aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi 4 ming dollarga etadi, degani. 

Biz bundan buyon ham xususiy sektorni qo`llab-quvvatlash,
soliq ma`murchiligini yanada soddalashtirish, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirish borasidagi ishlar jadal davom ettiriladi.

Hukumatga 1 avgustga qadar davlat o`ziga olgan har bir yangi majburiyat bo`yicha ularning mablag`lari, ijro mexanizmlari, bu masalada mas`ul vazirlik va hokimliklar aniq ko`rsatilgan alohida dastur ishlab chiqib, parlamentga kiritish topshirildi. 

    Boshqa yangiliklar