AsosiyDunyo

Afg`onistonda har kuni 167 nafar bola ochlik va oddiy kasalliklardan vafot etmoqda

'Afg`onistonda har kuni 167 nafar bola ochlik va oddiy kasalliklardan vafot etmoqda'ning rasmi

Birlashgan Millatlar Tashkilotining YuNICEF bolalar jamg`armasiga ko`ra, Afg`onistonda har kuni 167 nafar bola oldini olish mumkin bo`lgan kasalliklardan vafot etadi - bular oddiy dori-darmonlar bilan davolash mumkin bo`lgan kasalliklardir. Bu haqda Zamon.uz xabar berdi.

Bolalar orasida kasallikka chalinish holatlarining ko`payishiga sabab- to`yib ovqatlanmaslik hamda sanitariya sharoitlarining yo`qligidir. Shuningdek, to`yib ovqatlanmagan zaif onalardan zaif bolalar tug`ilmoqda.

Turli kasalliklarga qarshi emlanish imkonining yo`qligi uchun ham bolalar darddan himoya qilinmagan.  Afg`onistondagi deyarli barcha kasalxonalarda bitta ham ishlaydigan sun`iy nafas beruvchi jihozlar yo`q. Onalar kislorod naychalarini chaqaloqlarining burunlari yaqinida ushlab turishadi, chunki ularning kichkina yuzlariga mos keladigan niqoblar mavjud emas. Mamlakatdagi kasalxonalar bemor bolalar bilan to`lgan. Aksariyatida bir yoki ikkita hamshira kamida 50-60 nafar bolaga qaraydi.

Afg`onistonda sog`liqni saqlash tizimi hech qachon adekvat bo`lmagan va uni deyarli to`liq moliyalashtirgan chet el pullari 2021 yilning avgustida Tolibon hokimiyatni qo`lga kiritganida muzlatilgan. Endi Tolibonning ayollarning nohukumat tashkilotlarda ishlashini taqiqlashi gumanitar tashkilotlarning faoliyatini qiyinlashtirmoqda, bu esa yanada ko`proq bolalar va chaqaloqlarni xavf ostiga qo`yishini anglatadi.

 

"Uskunalarimiz yo`q, o`qitilgan xodimlar, ayniqsa, ayol hamshiralar etishmaydi. Biz birinchi navbatda qaysi bolani tekshirib ko`rishimiz kerakligini bilmaymiz. Chunki og`ir ahvolda bo`lgan juda ko`p bolalar bor. Go`daklarning o`limini ko`rishdan boshqa choramiz yo`q", - deydi shifokor Nigarga Sultoniy.

 

Ikki yashar Gulbadan yurak nuqsoni bilan tug`ilgan, bu kasallik arterioz yo`llarining ochiq kanali deb ataladi. Shifokorlar buni davolash qiyin emasligini aytishdi. Ammo kasalxona jarrohlik amaliyotini o`tkazish uchun jihozlanmagan. Bemorga kerakli dori-darmonlar ham yo`q. Bolaning oilasi moliyaviy yordam olish uchun nodavlat tashkilotga murojaat qilishdi. Ularning ma`lumotlari ro`yxatga olingan, ammo o`shandan beri hech qanday javob yo`q.

2021 yilgacha xalqaro hamjamiyat tomonidan 20 yil davomida milliardlab dollar mablag` to`plangan bo`lsa-da, Afg`onistonda sog`liqni saqlash tizimi nega tez qulab tushayotgani jiddiy savollar tug`diradi. Pulni xalqaro miqyosda tan olinmagan Tolibon hukumatiga to`g`ridan-to`g`ri berish mumkin emasligi sababli, gumanitar idoralar pulni tibbiyot xodimlarining maoshlari hamda dori-darmonga yo`naltira olmayapti. Endi shundoq ham samarasiz bo`lgan mablag` xavf ostida bo`lishi mumkin. Yordam agentliklari donorlari mablag` miqdorini qisqartirishi mumkinligidan ogohlantirmoqda, chunki Tolibonning ayollarga qo`ygan cheklovlari, jumladan, afg`on ayollarining BMT va nodavlat tashkilotlarda ishlashini taqiqlashi xalqaro qonunlarni buzadi.

Hozirgacha BMT Afg`oniston bo`yicha murojaatining atigi 5 foizi moliyalashtirilgan. Afg`onistonning G`or viloyatidagi kasalxona yaqinida qabriston bor, undagi yangi qabrlarning kamida yarmi bolalarga tegishli.Ammo qabrlar kimga tegishli ekanligini aniqlashning iloji yo`q, lekin katta qabrlarni kichik qabrlardan farqlash oson. Yaqin atrofdagi uyda yashovchilarning aytishicha, bugungi kunda ko`milayotganlarning aksariyati bolalardir. Qancha bolalar o`layotganini hisoblashning iloji yo`q, ammo inqiroz ko`lami haqida hamma joyda dalillar mavjud.

    Boshqa yangiliklar