Jurnalist Anora Sodiqova Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi Vochax qishlog`ida 30 aprel kuni referendum o`tkazilmagani, qishloq ahliga byulleten ham berilmagani va maktabda ovoz berish jarayonlari o`tkazilmagani haqida o`zining Telegram kanalida yozib qoldirdi.
Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati xabar yuzasidan "Gazeta.uz"ga munosabat bildirar ekan, qishloq Sariosiyo tumani "Shabnam" mahallasidagi 57-maktabda joylashgan 746-referendum uchastkasiga qarashini bildirgan.
Ushbu uchastkada jami ovoz beruvchilar soni 2143 nafarni tashkil etgan. Referendum natijalariga ko`ra, 2065 nafar fuqaro ovoz berishda ishtirok etgan, 78 nafar fuqaro esa qatnashmagan. Xususan, uchastka komissiyasi a`zosi Oxun Mahmadaliev 30 aprel kuni referendum uchastkasidan 60 km uzoqlikda joylashgan tog`li hudud — Vochax qishlog`iga ko`chma ovoz berish qutisi bilan yuborilgan.
Ta`kidlanishicha, qishloqda 21 ta xonadonda 104 nafar aholi istiqomat qiladi. Shulardan 54 nafari referendumda ishtirok etish huquqiga ega bo`lib, 15 nafari qishloqda, 16 nafari referendum uchastkasiga kelib ovoz bergan.
"Qolgan 23 nafar ovoz beruvchi chorva bilan shug`ullanishi sababli tog`ga chorva mollariga qarash uchun chiqib ketgan va yashash manzilida bo`lmagan. Shundan so`ng komissiya a`zosi referendum uchastkasi binosiga qaytib kelgan", — deyiladi komissiya xabarida.






