1-may kuni O`zbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimov boshchiligidagi delegasiya Shveytsariyaning Jeneva shahrida o`tkazilgan Bazel, Rotterdam va Stokgolm konvensiyalari Tomonlar konferensiyasi ochilish marosimida ishtirok etdi.
Ta`kidlash joizki, konferensiya a`zo davlatlar, BMT Atrof muhit Dasturi (YUNEP) va nodavlat tashkilotlar vakillari ishtirokida bo`lib o`tmoqda.
Marosimda global iqlim o`zgarishi insoniyatga katta ta`sir ko`rsatayotganini inobatga olgan holda, kimyoviy moddalarning atrof-muhit va suv resurslariga ta`sirini kamaytirish, kimyoviy moddalarni xavfsiz boshqarish va tahdidlarning oldini olish muhimligi hamda 2023-yil kimyoviy moddalar va chiqindilarni oqilona boshqarish yili ekanligi ta`kidlab o`tildi.
Shuningdek, Barqaror rivojlanish maqsadlarining amalga oshirilishi va uch planetar inqirozni (iqlim o`zgarishi, bioxilma-xillikning yo`q bo`lib ketishi, atrof-muhitning ifloslanishi va chiqindilar) oldini olish bo`yicha harakatlarni jadallashtirish muhimligiga alohida e`tibor qaratildi.
Qayd etish kerakki, konferensiya doirasida O`zbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimov BMT bosh kotibi yordamchisi, YuNEP ijrochi direktori o`rinbosari E. Mrema va YUNEP Evropa ofisi direktori S. Motard bilan uchrashuv o`tkazdi.
Uchrashuvda YUNEP O`zbekistonda boshlangan qator tashabbuslar atrof-muhitni muhofaza qilishda muhim rol o`ynashini ta`kidladi. Buning isboti sifatida joriy yilning oktyabr oyida Samarqand shahrida bo`lib o`tadigan BMTning uchta yirik tadbirlari – cho`llanish bo`yicha global tadbir (UNCCD CRIC-21), Yovvoyi hayvonlarning ko`chib yuruvchi turlarini saqlab qolishga doir Konvensiyasining 14-Tomonlar konferensiyasi (CMS COP-14) va Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh Assambleyasining 25-sessiyasi alohida e`tirof etildi.
Suhbat davomida Orolbo`yi hududini ekologik innovasiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish maqsadida YUNEP Iqlim texnologiyalar markazi va tarmog`i bazasida O`zbekistonda mintaqaviy “Yashil markaz” ochish tashabbusi qo`llab-quvvatlandi.
Shu bilan birga, YUNEP tomonidan 2020-yildan beri “Zamin” xalqaro jamoat fondi bilan hamkorlikda havo sifatini monitoring qilish bo`yicha avtomatlashtirilgan tizimni O`zbekistonda joriy etish bo`yicha bir qator amaliy tadbirlar va muvaffaqiyatli hamkorlik olib borilayotganligi qayd etildi. Hozirgi kunda Fond va YUNEP o`rtasida anglashuv memorandumi imzolanishi kutilmoqda.
Ochilish marosimida, shuningdek, Bazel Rotterdam va Stokgolm konvensiyalari ijrochi kotibi R. Paet bilan O`zbekistonda kimyoviy moddalar va xavfli chiqindilarni tartibga solish va kelgusida chiqindilarni boshqarish bo`yicha xalqaro standartlarni joriy etish masalasi muhokama qilindi.
Muhokamalar yakunida laboratoriya xodimlarining malakasini oshirish va xalqaro tajribalarni qo`llash bo`yicha kelishuvga erishildi. Qolaversa, Tabiat resurslari vazirligi huzurida “Kimyoviy markaz” ochishga kelishildi. Bundan maqsad kimyoviy konvensiyalar yo`nalishida va kelgusida pestisidlarni tartibga solish bo`yicha Rotterdam konvensiyasiga qo`shilishdir.
Ma`lumot o`rnida, hozirgi kunda Evropa Ittifoqi va FAO hamkorligida qiymati 4 mln evroga teng bo`lgan kimyoviy moddalar va xavfli chiqindilarni tartibga solish hamda BMTning kimyoviy konvensiyalari doirasida olingan majburiyatlarning bajarilishini ta`minlash bo`yicha loyiha shu yilning 3-choragida ishga tushirilishi tasdiqlandi.
2017–2022 yilgacha bo`lgan davrda majburiy ekologik sertifikatlash lozim bo`lgan chiqindilar, xalqaro savdoda aylanmasi qat`iy cheklangan yoki taqiqlangan kimyoviy moddalar soni 288 taga kengaytirilgan.
Ma`lumot uchun, tashrif davomida Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimov hamda Shveytsariyada istiqomat qilayotgan hamyurtlarimiz o`rtasida davra suhbati ham o`tkazildi.






