O`zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi yig`ilishida dastlab “O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Qoraqalpog`iston Respublikasida investisiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga qaratilgan qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.
Ta`kidlanganidek, keyingi yillarda Qoraqalpog`iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, uning iqtisodiyotini erkinlashtirish, tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlash bilan bir qatorda u erda investisiyaviy jozibadorlikni oshirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va yoshlar bandligini ta`minlashga qaratilgan keng ko`lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Mazkur qonun loyihasi ham tom ma`noda yuqoridagi maqsadga yo`naltirilgani bilan ahamiyatlidir.
Xususan, Qoraqalpog`iston Respublikasi hududida faoliyatini amalga oshirayotgan tadbirkorlik sub`ektlari 2023 yil 1 yanvardan 2028 yil 1 yanvarga qadar bo`lgan davrda foyda solig`ini, aylanmadan olinadigan soliqni, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni va yuridik shaxslardan olinadigan er solig`ini belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50 foizga kamaytirilgan soliq stavkalari bo`yicha vaqtinchalik soliq imtiyozlari bilan to`lashi ko`zda tutilmoqda.
Shuningdek, Qoraqalpog`iston Respublikasi hududidagi nodavlat ta`lim tashkilotlarining o`quv jarayoniga jalb etiladigan chet el mutaxassislari (o`qituvchilari) 2022 yil 1 oktyabrdan 2027 yil 1 oktyabrga qadar bo`lgan davrda konsullik yig`imini to`lashdan ozod qilish kabi yana qator imtiyozlar nazarda tutilyapti.
Deputatlar qonun loyihasining ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyati yuqori ekanini alohida ta`kidlab, qonun loyihasini qo`llab-quvvatlashdi.
Yig`ilishda bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan — “O`zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 208-moddasiga qo`shimcha va o`zgartish kiritish to`g`risida”gi qonun loyihasi ham ko`rib chiqildi.
— Ushbu qonun loyihasi bilan O`zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga tegishli qo`shimcha va o`zgartishlar kiritish nazarda tutilyapti, — deydi parlament quyi palatasidagi O`zXDP fraksiyasi a`zosi Firdavs Sharipov. — Ya`ni, 11 noyabr – O`zbekiston kasaba uyushmalari kunini ishlanmaydigan bayram kunlari qatoriga qo`shish belgilanmoqda. Shu jihatdan, mazkur qonunning qabul qilinishi xodimlarning kasbiy, mehnatga oid, ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini ta`minlash tizimini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
Muhokamalar davomida fraksiya a`zolari qonun loyihasi yuzasidan o`z fikr-mulohazalarini bildirdi. Ko`plab savollar o`rtaga tashlandi va ularga batafsil javoblar olindi. Qizg`in kechgan baxs-munozaralardan so`ng qonun loyihasi ma`qullandi.
Yig`ilishda kun tartibidagi masalalar yuzasidan fraksiyaning tegishli qarori qabul qilindi.






