Bugun O`zbekiston Respublikasi va Braziliya Federativ Respublikasi o`rtasida diplomatik munosabatlar o`rnatilganiga 30 yil to`ldi. Ushbu muhim voqea munosabati bilan ikki mamlakat tashqi siyosat idoralari rahbarlari Baxtiyor Saidov va Mauro Vieyra tabrik maktublari almashdilar.
Xususan, O`zbekiston TIV rahbari o`z maktubida o`zaro hurmat va bir-birini qo`llab-quvvatlash tamoyillariga asoslangan O`zbekiston-Braziliya munosabatlari turli sohalarda izchil rivojlanib borayotganini ta`kidladi.
Davlatlararo muloqotga yangi bosqichga ko`tarish zarurligi, shu jumladan siyosiy hamkorlik va parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash, investisiya sherikligini kengaytirish qayd etildi. Qishloq xo`jaligi, sanoat, turizm, sog`liqni saqlash, ta`lim, fan va innovasiyalar sohalarida hamkorlik qilish va qo`shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari mavjudligi qayd etildi.
O`z navbatida, Braziliya tashqi ishlar vaziri Mauro Vieyraning ta`kidlashicha, so`nggi yillarda O`zbekiston Braziliyaning Markaziy Osiyodagi asosiy sheriklaridan biri sifatidagi maqomini mustahkamlab bormoqda. O`tgan davr mobaynida O`zbekiston va Braziliya o`rtasidagi do`stona aloqalar izchil rivojlanib kelayotir. Uning fikriga ko`ra, bugun ikki mamlakat va xalqlarning manfaatlari yo`lida hamkorlikni yanada chuqurlashtirish vaqti keldi.
Shu nuqtai nazardan, M.Vieyra Braziliya hukumatining O`zbekiston bilan ikki va ko`p tomonlama siyosiy muloqotni jadallashtirish, ishbilarmon doiralarning to`g`ridan-to`g`ri aloqalarini kengaytirish va savdo-iqtisodiy aloqalarni kuchaytirishga tayyorligini tasdiqlaydi.






