Ijtimoiy tarmoqlarda oliy ta`lim muassasalari xodimlari talabalarni ularning erkiga zid ravishda referendumda qatnashishga chorlayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat bo`yicha Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirligi matbuot xizmati munosabat bildirdi.
Vazirlikning ma`lum qilishicha, qonunchilikka muvofiq O`zbekiston Respublikasi fuqarolarining referendumda ishtirok etishi ixtiyoriy va erkindir. Fuqarolarni referendumda ishtirok etishga yoki ishtirok etmaslikka majbur qilish maqsadida ularga, shuningdek, xohish-irodasini erkin bildirishiga ta`sir ko`rsatishga hech kim haqli emas.
“Barcha oliy ta`lim muassasalari rahbariyati va mas`ul xodimlari qonunchiligimizdagi ushbu talablardan xabardor etilgan va tizimda mazkur talablarga rioya etilishi vazirlikning alohida nazoratidadir. Vazirlik talabalarning referendumda ishtirok etishi ixtiyoriy va erkin bo`lishini ta`minlash borasida qat`iy pozisiyaga ega”, deyiladi xabarda.
Vazirlik tomonidan talabalarning bu boradagi huquqlari buzilayotgan bo`lsa, +998712071762 raqamiga yoki huquqni muhofaza qilish tegishli organlariga xabar berishi so`ralgan.
“Sizning huquqlaringiz qonunga muvofiq himoya qilinadi va aybdorlarga tegishli choralar ko`rilishi ta`minlanadi”, deyilgan vazirlik xabarida.






