Namangan viloyati Chust tumanida 21 yoshli yigit o`zidan 4 yosh kichik bolalar tomonidan “samosud” qilindi. Bu haqda “Bu kun” dasturida xabar berildi.
Xabarga ko`ra, holat Chust tumanidagi mahallalarning birida yashovchi fuqaro 21 aprel kuni soat 14:30 da boshqaruvidagi Damas’da tanishi — 2007 yilda tug`ilgan qiz bilan tumanning “Sarimsoqtepa” MFY hududidagi dalada gaplashib o`tirgan vaqtda sodir bo`lgan.
Tumanning “Guliston” MFYda yashovchi, 2006 yilda tug`ilgan fuqaro Spark’da bir necha tanishlari bilan kelib, “Bu erda mashina ichida begona qiz bilan nima qilib o`tiribsan”, deb yigitni do`pposlagan. Shuningdek, Damas’ning orqa o`ng yoritish chiroqlari va o`ng yon tomondagi orqani ko`rish oynasini sindirgan. Atrofdagi tanishlari esa mazkur jarayonni tasvirga olib, Instagram’dagi o`z sahifasiga joylashtirgan.
Qayd etilishicha, 2002 yilda tug`ilgan fuqaroning badanida aniqlangan tan jarohatlari chap tirsak sohasi, yuz yarasi va chap yonbosh sohasi qontalash ko`rinishda bo`lib, uning jarohatlari engil ekani ko`rsatilgan.
Holat yuzasidan tuman IIB bo`limi huzuridagi tergov bo`linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.






