Qirg`iziston va Tojikistondagi Rossiya harbiy bazalarining jangovar tayyorgarligi oshirilgani ma`lum bo`ldi. Bu haqda bugun, 28 aprel kuni Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu bayonot berdi.
U shuningdek, Qo`shma Shtatlar va uning ittifoqchilarining bunga nima aloqasi borligini ma`lum qildi.
Rossiya Qirg`iziston va Tojikistondagi harbiy bazalarining jangovar tayyorgarligini oshirmoqda, dedi Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu Nyu-Dehlida bo`lib o`tgan ShHTga a`zo davlatlar mudofaa vazirlari yig`ilishida.
“AQSh va uning ittifoqchilari terrorizmga qarshi kurashda yordam berish bahonasida Markaziy Osiyoda o`z harbiy mavjudligini tiklashga harakat qilmoqda. Biz mintaqa davlatlariga harbiy infratuzilmani joylashtirish bo`yicha so`rovlarni ShHT makonida barqarorlikka to`g`ridan-to`g`ri tahdid sifatida baholaymiz”, — dedi Shoygu.
Rossiya Mudofaa vazirligi rahbari buning uchun ShHT davlatlaridan doimiy aloqalar olib borish, terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo`yicha sa`y-harakatlarni kuchaytirish zarurligini ta`kidladi.






