Surxondaryo viloyati Denov tumanida ona o`z qizchasini ayovsiz kaltaklagani to`g`risida xabar bergan edik.
“Millar” dasturida ma`lum qilinishicha, ayol farzandini muntazam kaltaklab kelgan.
Qayd etilishicha, qizcha hozirda Denov tumani tibbiyot birlashmasida davolanmoqda. Buvisining so`zlariga ko`ra, qiz shu qadar kaltaklanganidan tanib bo`lmas holatga kelib qolgan.
“Yuzi, hamma joyi ko`karib yotgan edi, inson bolasini bunday vahshiylarcha urush mumkin emas. Ikkala qizini navbatma-navbat uradi, ichim achiydi, yig`layman, ilojim yo`q”, — deydi buvi. Ayolning aytishicha, qizning kaltaklanishi birinchi marta sodir bo`lmagan, mas`ullar esa ushbu holatni jiddiy e`tiborga olmagan.
“Bir safar ovqat berganimizda ‘nima uchun momongdan ovqat olding?’, deb urdi. Muntazam tayoqlab keladi. Bersin mayli, o`zimiz boqamiz. Onalikdan mahrum qilsin, u onalikka noloyiq”, — deya ta`kidlaydi buvi.
Qizning onasi ruhiy kasalliklar shifoxonasidagi tekshiruvlarga jalb qilingani sabab u bilan suhbatlashishning imkoni bo`lmagan. Neyrojarroh Fahriddin Xo`janazarovga ko`ra, hozirda qizning ahvoli nisbatan qoniqarli, dinamikada umumiy holati ijobiy.
Holat yuzasidan Denov tumani IIB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Tergovga qadar tekshiruv harakatlari Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan nazoratga olingan.






