Avvalroq, surxondaryolik bloger Youtube'dagi kanali orqali murojaat qilib, uni bir erkak onasidan haqorat qilganini aytgandi. Blogerning so`zlariga ko`ra, u viloyat hokimiga Sariosiyo tumanidagi Dashtobod qishlog`ida noqonuniy qurilishlar bo`layotgani, erlar A.A. ismli shaxs tomonidan talon-toroj qilingani haqida shikoyat qilgan. Shundan so`ng, Telegram-guruhda A.A.ning o`g`li A.H. blogerni onasidan so`kib, o`ldirish bilan tahdid qilgan.
Holat yuzasidan viloyat IIB Matbuot xizmatining xabar qilishicha, Sariosiyo tumani IIB tomonidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida, A.H.ning harakatlarida haqorat qilish jinoyati alomatlari mavjudligi sababli, unga nisbatan Sariosiyo tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan JKning 140-moddasi (haqorat qilish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib tergov harakatlari olib borilmoqda.






