Qozog`istonda havoning ifloslangani tufayli aholi orasida o`lim darajasi oshib bormoqda. Bu haqda Qozog`iston ekologik tashkilotlari assosiasiyasi rahbari Aygul Soloveva xabar berdi.
Mutaxassisning ta`kidlashicha, ifloslangan havoning inson salomatligiga ta`siri nafas olish qiyinlashishi, nafas qisilishi, yo`tal, astma, yurak kasalliklari va o`pka saratonining kuchayishida namoyon bo`ladi.
Jahon bankining so`nggi tadqiqotlariga ko`ra, Qozog`istonning to`rtta viloyatida — Olmaota, Qarag`anda, Pavlodar va Sharqiy Qozog`istonda har yili havoning ifloslanishi quyidagi oqibatlarga olib keladi:
1016 ta surunkali bronxit;
2040 ta kasalxonaga yotqizish holati;
40 400 ta shoshilinch tibbiy yordamga murojaat;
2848 ta bevaqt o`lim;
2665 ta yurak-o`pka kasalliklaridan o`lim;
183 ta o`pka saratonidan o`lim.
Mutaxassis fikricha, aholini sifatli va ishonchli ekologik axborot bilan ta`minlash atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi siyosatning asosiy yo`nalishlaridan biriga aylanishi kerak.
Oxirgi besh yil davomida Olmaota, Ostona, Qarag`anda, Jezqazg`an va Temirtau shaharlarida havo ifloslanishining yuqori darajasi kuzatilmoqda.
Qozog`istonning konchilik poytaxti havosi eng ifloslangan shaharlar reytingida 23-o`rinda bo`lgan. Qarag`andada havoning ifloslanish indeksi 77,8 ni tashkil qilgan.






