2023 yilning 1 may kunidan boshlab qonunchilikda quyidagi o`zgarishlar bo`ladi:
Ish haqi oshadi
Prezident farmoniga ko`ra, 1 may kunidan byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi miqdori 7 foizga oshiriladi. Shuningdek, O`zbekiston hududida mehnatga haq to`lashning eng kam miqdori – oyiga 980 ming so`m, bazaviy hisoblash miqdori – oyiga 330 ming so`m etib belgilanadi.
Jarimalar uchun 50 foiz chegirma
Tegishli qonunga muvofiq 2023 yil 1 maydan ma`muriy jarimalarni 15 kun ichida to`laganlik uchun chegirma miqdori oshiriladi. Bunda huquqbuzar unga jarima solish to`g`risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab 15 kun ichida jarima miqdorining 50 foizini yoki 30 kun ichida 70 foizini ixtiyoriy ravishda to`lagan taqdirda, u jarimaning qolgan qismini to`lashdan ozod qilinadi. Mazkur tartib sud qaroriga asosan qo`llanadigan jarimalarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
Imtiyozli transport kartalari “ishga tushadi”
1 maydan shahar yo`lovchilar transportida ayrim toifadagi fuqarolarga bepul yurish huquqini beruvchi imtiyozli transport kartalari respublikaning barcha shaharlarida beriladi. Prezident qaroriga muvofiq shahar yo`lovchilar transportida ayrim toifadagi fuqarolarga bepul yurish huquqini beruvchi imtiyozli transport kartalarini berish respublikaning barcha shaharlarida amalga oshiriladi.
Ayrimlarga xaridi uchun qo`shilgan qiymat solig`i qaytariladi
Prezidentning tegishli qaroriga asosan 2023 yil 1 maydan boshlab "Ijtimoiy himoya yagona reestri»ga kiritilgan jismoniy shaxslarga ayrim turdagi tovarlar xaridi uchun qo`shilgan qiymat solig`i qaytarib beriladi. Ya`ni "Ijtimoiy himoya yagona reestri"ga kiritilgan jismoniy shaxslar chakana savdo ob`ektlarida tuxum, o`simlik yog`i hamda mol, qo`y, parranda go`shtlari xaridini amalga oshirganda va ushbu xaridni soliq organlarining maxsus mobil ilovasida xarid chekining fiskal belgisini matrisali shtrix kod (QR-kod) yordamida skanerlash orqali ro`yxatdan o`tkazganda, ularning bank kartalariga har oy yakuni bilan xarid summasining 1 foizi miqdoridagi to`lov o`rniga, xarid summasida to`langan qo`shilgan qiymat solig`i summasi respublika byudjetidan qaytariladi.
“Metan-zapravka”larga onlayn kamera o`rnatish majburiy bo`ladi
Prezidentning 2023 yil 10 fevraldagi “Tadbirkorlik sub`ektlarini toifalarga ajratish mezonlari hamda soliq siyosati va soliq ma`muriyatchiligini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoniga asosan 1 maydan qator tartiblar o`rnatilmoqda.
Jumladan:
– avtomobillarga gaz to`ldirish kompressor stansiyalari va avtomobillarga gaz quyish stansiyalarida elektron o`lchash uskunalari va onlayn video kameralarini o`rnatish hamda ularni soliq organlarining axborot tizimlari bilan integrasiya qilish majburiy hisoblanadi;
– paxta xomashyosi, g`alla yoki sholini qabul qilish va hisobini yuritish bo`yicha axborot tizimlarining operatorlari o`z tizimlarini soliq organlarining axborot tizimlari bilan integrasiya qilishlari majburiy hisoblanadi;
– to`lov xizmatlarini ko`rsatuvchi tashkilotlar jismoniy shaxslar o`rtasida pul o`tkazmalari amalga oshirilganda, ularga ko`rsatilgan xizmatlar uchun (olingan haq, komissiya uchun «0» so`m bo`lgan taqdirda ham) elektron hisobvaraq-fakturalar taqdim etadi va rasmiylashtiradi.
Yangi “dom”larning tomiga quyosh panellari o`rnatish majburiy bo`ladi
Prezidentning 2023 yil 16 fevralda qabul qilingan “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qaroriga ko`ra, 1 maydan boshlab foydalanishga topshiriladigan ko`p qavatli uylar tomlari bo`sh qismining kamida 50 foizida quyosh panellarini o`rnatish talabi joriy qilinadi.
Shuningdek, 1 maydan boshlab yangi tashkil etiladigan issiqxona xo`jaliklari hamda sement, g`isht va ohak mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarga tabiiy gaz tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlar berilishi taqiqlanadi. Respublikadagi barcha yoqilg`i (avtobenzin, suyultirilgan va siqilgan gaz) quyish shoxobchalarining maishiy-texnik ehtiyojlari va hududini yoritish uchun elektr energiyasi ta`minotining kamida 50 foizi ushbu ob`ektlarda o`rnatiladigan quyosh panellari orqali qoplanishi talab etiladi.
Ayrimlarga shifoxonada bepul ovqat beriladi
Prezidentning tegishli qarori bilan 2023 yil 1 maydan nogironligi bo`lgan shaxslarni qo`llab-quvvatlashda qator tartiblar o`rnatilmoqda. Jumladan, tibbiyot muassasalarida davolanayotgan nogironligi bo`lgan bolaga g`amxo`rlik qilish uchun shu muassasada uning otasi yoki onasiga (ularning o`rnini bosuvchi shaxsga) yoxud oilaning bolani bevosita parvarishlayotgan boshqa a`zosiga nogironligi bo`lgan bolaning yonida birga bo`lish uchun sharoit yaratiladi.
Shuningdek, stasionar tibbiyot muassasalarida nogironligi bo`lgan bolani parvarishlayotgan shaxsga mazkur davr uchun mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi hamda bolalikdan nogironligi bo`lgan shaxslarga g`amxo`rlik qiluvchi shaxslar (ota-onasi va boshqalar) uchun davolash davrida davlat stasionar tibbiyot muassasalarida bepul ovqatlanish yo`lga qo`yiladi.
Halok bo`lgan harbiy xizmatchining yaqinlari ijtimoiy qo`llab-quvvatlanadi
Prezidentning tegishli farmoni bilan vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yo`lida yaralanganligi, kontuziya yoki mayib bo`lganligi oqibatida halok bo`lgan harbiy xizmatchilari va xodimlarining oila a`zolari hamda ularning qaramog`idagi shaxslarga 2023 yil 1 maydan boshlab qator imtiyozlar berilmoqda.
Jumladan:
– oilaning mehnatga layoqatsiz har bir a`zosiga boquvchisini yo`qotganlik pensiyasi pensiyani hisoblab chiqish uchun olinadigan pul ta`minotining (ish haqining) 50 foizi miqdorida belgilanadi;
– oila a`zolari (ota-onasi, turmush o`rtog`i, 23 yoshga to`lmagan farzandlari) daromadlar qaysi oyda olingan bo`lsa, o`sha oyda har bir oy uchun mehnatga haq to`lash eng kam miqdorining 3 baravari miqdoridagi daromadlar bo`yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig`idan ozod etiladi;
– belgilangan tartibda turar joyga muhtoj deb tan olingan taqdirda, turar joy bilan birinchi navbatdagi tartibda ta`minlanadi;
– qonunchilikda belgilangan harbiy xizmatchilarga (xodimlarga) turar joy sotib olish (qurish) uchun uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditlari berish tartibiga muvofiq uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditlarini olish huquqi saqlab qolinadi;
– halok bo`lgan harbiy xizmatchining (xodimning) yangi nikohga kirmagan turmush o`rtog`i va (yoki) harbiy xizmatchining (xodimning) qaramog`ida bo`lgan ota-onasidan biriga O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilariga turar joyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun har oylik pul kompensasiyasini to`lash tartibi tatbiq etiladi (mulkida turar joy bo`lmagan taqdirda).
Rahbar kadrlar uchun o`quv kurslari joriy etiladi
Prezidentning 2023 yil 7 fevraldagi tegishli qaroriga asosan, 2023 yil 1 maydan boshlab rahbar kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimida inson huquqlari va gender tenglik bo`yicha o`quv kurslari (soatlari)ni joriy qilinadi. Bunda, mazkur o`quv kurslarini Inson huquqlari sohasida ta`lim olish bo`yicha elektron platformasi orqali tashkil etishga ruxsat beriladi.
Bank hisob-varag`ini masofadan turib ochishga ruxsat etiladi
Prezidentning 2022 yil 10 noyabr kuni qabul qilingan “Hisobot taqdim etish va arxiv hujjatlarini saqlash tartib-taomillarini maqbullashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori bilan 2023 yil 1 maydan quyidagilarga ruxsat berilmoqda:
– tijorat banklariga ariza beruvchini masofadan turib identifikasiya qilish uchun zarur shart-sharoitlar mavjud bo`lganda, ta`sischilari O`zbekiston rezidentlari bo`lgan yuridik shaxslar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlarga bank hisob-varag`ini masofadan turib ochishga;
– yuridik shaxslarga elektr energiyasi, tabiiy gaz, issiq suv, ichimlik suv ta`minoti, oqova suv va telekommunikasiya xizmatlari ko`rsatish bo`yicha shartnomalarni, ularning iste`moli to`g`risidagi hisobotlarni va kelgusi davr uchun shartnomaviy miqdorlar to`g`risidagi bir martalik va davriy hujjatlarni elektron shaklda rasmiylashtirishga.
Rasmiy daromadga ega bo`lmagan shaxslarga ham ipoteka kreditlari beriladi
— banklarga rasmiy daromadga ega bo`lmagan shaxslarga ipoteka kreditini ajratishda ularning to`lov qobiliyatini aniqlashning muqobil usullaridan foydalanishga, shu jumladan qarz oluvchilarning bank kartasi aylanmasi, ijara, kommunal va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa xarajatlarini inobatga oluvchi skoring tizimi joriy qilinadi;
— banklarga qarz oluvchi tomonidan to`langan dastlabki badal miqdori, imtiyozli davr muddati va boshqa ko`rsatkichlardan kelib chiqib, subsidiyasiz ajratiladigan ipoteka kreditlari bo`yicha tabaqalashtirilgan foiz stavkalarini o`rnatish huquqi beriladi;
25 yoshgacha xodimlar uchun to`langan ijtimoiy soliq ish beruvchilarga to`liq qoplab beriladi
Farmonga ko`ra, 2023 yil 1 maydan 2025 yil 1 yanvarga qadar ish beruvchilarga (byudjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav jamg`armasi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo`lgan yuridik shaxslar, shuningdek, ijtimoiy soliqni 1 foiz stavkada to`lovchilar bundan mustasno) ular tomonidan 25 yoshdan oshmagan xodimlar uchun to`langan ijtimoiy soliq summasi Davlat byudjetidan to`liq qoplab beriladi.
Bunda, ijtimoiy soliq summasi yosh xodimlar 6 oy davomida uzluksiz mehnat faoliyatini amalga oshirishi sharti bilan ettinchi oydan boshlab qoplab beriladi.






