O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 27 aprel kuni ikkinchi Toshkent xalqaro investisiya forumi doirasida BMT Bosh kotibining o`rinbosari, Evropa iqtisodiy komissiyasi (EIK) Ijrochi kotibi Olga Algaerovani qabul qildi.
Uchrashuvda Barqaror rivojlanish maqsadlariga tezkor erishish borasida BMT institutlari, shu jumladan EIK bilan ko`p qirrali hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko`rib chiqildi.
Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari uchun maxsus dastur doirasida samarali hamkorlik qilinayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tomonlar O`zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a`zo bo`lishi hamda “Yashil makon” dasturini, yuk tashishlarni raqamlashtirish va to`qimachilik sanoati loyihalarini amalga oshirish masalalarida almashinuvlarni davom ettirishdan manfaatdor ekanini ta`kidladi.
Suhbatda BMT EIK bilan ustuvor yo`nalishlarda hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi.






