AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoev: "JST islohotlarimiz mazmuniga to`la mos va biz ushbu nufuzli tashkilotga tezroq a`zo bo`lib kirishdan manfaatdormiz"

'Shavkat Mirziyoev: "JST islohotlarimiz mazmuniga to`la mos va biz ushbu nufuzli tashkilotga tezroq a`zo bo`lib kirishdan manfaatdormiz"'ning rasmi

Xalqaro kongress markazida ikkinchi Toshkent xalqaro investisiya forumi boshlandi. Uning yalpi majlisida Prezident Shavkat Mirziyoev nutq so`zlamoqda. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Prezident qayd etganidek, bir yil ichida mamlakatimiz iqtisodiyotini yanada erkinlashtirish, biznesga keng yo`l ochish, bu borada qonun ustuvorligi va huquqiy kafolatlarni mustahkamlash bo`yicha tizimli islohotlar jadal davom ettirildi.

Mintaqamizdagi eng qulay fiskal tizimini yaratish bo`yicha katta o`zgarishlarga erishildi. Xususan, qo`shilgan qiymat solig`i stavkasi 12 foizga tushirildi. Ilgari ushbu soliq stavkasi 20 foiz edi.

Shuningdek, qo`shilgan qiymat solig`ini eksportchi korxonalarga 7 kun ichida qaytarish joriy qilindi, soliq va bojxonada o`zaro hisobga olish yo`lga qo`yildi. Shu paytgacha 2 ta alohida tizim orasida investorlar sarson edi.

Bundan tashqari, xorijiy investorlar aksiyalaridan oladigan dividendlari uch yil muddatga soliqdan ozod qilindi, ular uchun foyda solig`i 20 foizdan 12 foizga tushirildi.  

Muhimi – soliq va bojxona qonunlariga yangi yoki og`irlashtiruvchi javobgarlik choralari kiritilmasligi qat`iy belgilab qo`yildi.

Tashqi savdoni erkinlashtirish bo`yicha navbatdagi muhim qadamlar qo`yildi.

Jumladan, investorlar uchun zarur bo`lgan 7 mingdan ziyod xomashyo va tovarlarga bojxona bojlari bekor qilindi.

Bojxona hududida qayta ishlashning soddalashgan tartibi joriy etildi.  

Tashqi savdo va raqobat muhitini yangi bosqichga olib chiqish, yangi-yangi bozorlarga kirish maqsadida O`zbekiston Jahon savdo tashkilotiga qo`shilish borasidagi ishlarni jadallashtirdi.  

“Alohida ta`kidlab o`tmoqchiman, Jahon savdo tashkiloti talablari islohotlarimiz mazmuniga to`la mos va biz ushbu nufuzli tashkilotga tezroq a`zo bo`lib kirishdan manfaatdormiz”, - dedi Prezident.

Hozir a`zo mamlakatlar bilan muzokaralar olib borish hamda milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti qoidalari bilan uyg`unlashtirish qizg`in bosqichda.

    Boshqa yangiliklar