AsosiyJamiyat

“Yuksalish” raisi Xitoy elchisining postsovet davlatlari suverenitetiga nisbatan shubhasiga munosabat bildirdi

'“Yuksalish” raisi Xitoy elchisining postsovet davlatlari suverenitetiga nisbatan shubhasiga munosabat bildirdi'ning rasmi

Xitoyning Fransiyadagi elchisining postsovet mamlakatlari xalqaro huquqda haqiqiy maqomga ega emasligi haqida bayonot bergandi. 

“Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov elchining ko`plab e`tirozlarga sabab bo`lgan mazkur bayonotiga munosabat bildirdi.

“Yuksalish” raisi O`zbekistonni suveren demokratik respublika sifatida 150 dan ortiq davlatlar, jumladan, Xitoy — 1991 yil 27 dekabrda, AQSh — 1991 yil 25 dekabrda xalqaro maydonda mustaqil subekt sifatida tan olganini eslatib o`tgan.

Rossiya bilan 1992 yil 20 martda diplomatik aloqalar o`rnatish bo`yicha protokol imzolangan va O`zbekiston mustaqil mamlakat sifatida e`tirof etilgan. O`zbekiston BMT, YXHT, MDH, Turkiy davlatlar tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti kabi nufuzli tuzilmalarning teng huquqli a`zosi hisoblanadi.

O`zbekistonda 120 dan ortiq millat va elatlar tinch-totuv va hamjihatlikda yashab kelmoqda. 36 millionlik O`zbekiston aholisi 2030 yilda 40 millionga, 2040 yilda 50 millionga etishi prognoz qilinmoqda.

“Biz uch ming yillik davlatchilik tarixiga ega bo`lgan yurtmiz. Shu tufayli, postsovet hududidagi mamlakatlarning mustaqilligi borasidagi har qanday shubhalar va ziddiyatli fikrlarning O`zbekistonga hech qanday aloqasi yo`q. O`zbekiston mustaqilligi daxlsizdir”, — deb yozadi Bobur Bekmurodov.

Xitoyning Fransiyadagi elchisi sobiq SSSR davlatlari suvereniteti haqida nimalar degandi?

Xitoyning Fransiyadagi elchisi Lu Shay Qrim yarimorolini tarixiy jihatdan Rossiyaniki deb atadi va Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin tashkil topgan mustaqil davlatlar go`yoki dunyoda qonuniy mustahkamlangan maqomga ega emasligini aytdi.

Diplomat sobiq Sovet Ittifoqi davlatlari go`yoki amaldagi xalqaro huquqda hech qanday samarali maqomga ega emasligi, chunki “birorta ham xalqaro shartnomada ularning suveren davlat sifatidagi maqomi belgilab qo`yilgani yo`q”ligini bildirgandi.

Xitoy elchisining bayonotini Boltiqbo`yi davlatlari va Ukraina, Fransiya keskin qoraladi. Ular rasman Xitoyni mazkur bayonotga munosabat bildirishga chaqirdi.
Keyinroq Xitoy TIV Fransiyadagi elchisining sobiq SSSR davlatlari suverenitetiga shubha bildiruvchi so`zlarini inkor qildi.

"Tegishli masala bo`yicha Xitoyning pozisiyasi o`zgarmagan. Hududiy suverenitetga kelsak, Xitoyning pozisiyasi doimo aniq bo`lib kelgan. Xitoy barcha mamlakatlarning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini hurmat qiladi hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti nizomining maqsad va tamoyillarini qo`llab-quvvatlaydi”, — dedi TIV vakili.

    Boshqa yangiliklar