AsosiyJamiyat

Firibgarlik jinoyatini sodir etgani uchun qidiruvda bo`lgan shaxs Polshadan O`zbekistonga ekstradisiya qilindi

'Firibgarlik jinoyatini sodir etgani uchun qidiruvda bo`lgan shaxs Polshadan O`zbekistonga ekstradisiya qilindi'ning rasmi

Interpolning O`zbekistondagi Milliy markaziy byurosi xodimlari tomonidan firibgarlik sodir etgani uchun xalqaro qidiruvda bo`lgan jinoyatchini ekstradisiya qilish bo`yicha prosedura amalga oshirildi.

Interpolning Varshava va Toshkent Milliy markaziy byurolarining hamkorlikdagi faol sa`y-harakatlari natijasida 2022 yilning mart oyida Polshada Interpolning Qizil xabarnomasiga aloqador shaxs sifatida hibsga olingan, O`zbekiston huquq-tartibot idoralari tomonidan firibgarlik uchun qidiruvga berilgan jinoyatchi O`zbekistonga ekstradisiya qilindi, deya xabar bermoqda IIV Axborot xizmati.

Qidiruvdagi shaxs jabrlanuvchi Janubiy Koreyaga ishlash uchun chet elga chiqish niyatida ekanini bila turib, hujjatlarni rasmiylashtirish va mamlakatga kirishga ruxsat olish bo`yicha o`z xizmatlarini taklif qilgan va bu ishlar sarf-xarajat talab qilishini bildirgan. Shu tarzda, qisqa vaqt ichida firibgar bir necha kishilarni pulga tushirdi.

Jinoyatchi pullarni o`zlashtirgan hamda va`dalarini bajarmagan holda chet davlatga qochishga muvaffaq bo`lgan, biroq O`zbekiston va Polsha davlatlari MMB xodimlarining hamkorlikdagi harakatlari natijasida qidiruvdagi shaxs aniqlanib qo`lga olindi.

"O`zbekiston Bosh prokuraturasining ekstradisiya to`g`risidagi so`rovi qanoatlantirilgandan so`ng, Interpol xodimlari hamrohligida shu kunlarda jinoyatchi O`zbekistonga olib kelindi, uni oldinda adolatli sud kutmoqda", — deyiladi xabarda.

    Boshqa yangiliklar