AsosiyJamiyat

Toshkentga keltirilgan yangi avtobuslar berilishi uchun haydovchilardan pul talab qilinayotgani haqidagi xabarlar rad etildi

'Toshkentga keltirilgan yangi avtobuslar berilishi uchun haydovchilardan pul talab qilinayotgani haqidagi xabarlar rad etildi'ning rasmi

“Toshshahartransxizmat” yangi avtobuslar uchun haydovchilardan pul talab qilinayotgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi.

Facebook'da joylangan postda “7-avtobus saroyi” fililali tasarrufidagi 94 va 98-sonli avtobus yo`nalishlariga biriktirilgan yangi avtobuslarni olish uchun haydovchilardan 150-200 dollar pul talab qilinayotgani aytilgan. “Toshshahartransxizmat” matbuot xizmati bunga javoban faktlarga asoslanmagan ma`lumotlarni tarqatmaslikni so`radi.

Qayd etilishicha, hozirda “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to`g`risida”gi prezident qaroriga asosan, “Toshshahartransxizmat”AJ va filiallari tasarrufiga xarid qilinayotgan yangi Yutong va King Long rusumli yo`lovchi tashuvchi avtobuslarni haydovchilarga biriktirish bo`yicha maxsus buyruq qabul qilingan bo`lib, ushbu buyruqqa asosan “Haydovchilarni ishga qabul qilish hamda ularni avtobus va elektrobuslarga biriktirish bo`yicha nizom” tasdiqlangan.

Ushbu nizom asosida Avtobus saroyi filiallarining har birida Ichki ishlar xodimi, Harakat xavfsizligi boshqarmasi (HXB) xodimi, bosh muhandis, ta`mirlash ustaxonasi boshlig`i va tasarruf bo`limi xodimlaridan tashkil topgan ishchi guruh a`zolari tomonidan haydovchilarni yangi avtobus va elektrobuslarga biriktirishda ochiq suhbat o`tkazilib shaffoflik va halollik prinsiplariga tayangan holda suhbat jarayonlari onlayn video tasvirga oluvchi moslamada tasvirga olib borilmoqda.

“Bunda haydovchilarni bir nechta ustivor tamoyillar asosida avtobuslarga biriktirish belgilangan, ya`ni, mas`ul xodimlar tomonidan e`tiborga molik tomonlar haydovchining so`nggi uch yil mobaynida sodir etgan qoidabuzarliklari va yo`l-transport hodisalari, muqaddam boshqargan transport vositalarining ta`mirlash ishlarida faolligi hamda so`nggi uch yil mobaynida haydovchi tomonidan yo`nalishda yo`lovchilarga nisbatan qo`pol munosabatda bo`lgan yoki yo`qligi ya`ni, “Toshshahartransxizmat”ning qisqa 1062 ishonch telefoni orqali kelib tushgan murojaatlar inobatga olingan holda eng yaxshi va yuqori ko`rsatkichlarga ega bo`lgan haydovchilar yangi xarid qilinayotgan avtobuslarga biriktirilayotganini ma`lum qilamiz”, — deyiladi munosabatda.

 

Shuningdek, korrupsion holatlar mavjudligini tasdiqlovchi faktlarga asoslangan ma`lumotlar mavjud bo`lsa “Toshshahartransxizmat”ning Korrupsiyaga qarshi kurashish bo`limiga +998 (71) 230-71-05 murojaat qilish mumkinligi qo`shimcha qilingan.

Har bir holat bo`yicha xizmat tekshiruvi e`lon qilinib, tekshiruv natijalari bo`yicha rasmiy munosabat berib boriladi.

    Boshqa yangiliklar