AsosiyJamiyat

Endi Chernogoriyaga borishda O`zbekiston fuqarolaridan viza talab etilmaydi

'Endi Chernogoriyaga borishda O`zbekiston fuqarolaridan viza talab etilmaydi'ning rasmi

Bugun, 25 aprel kuni Toshkent shahrida WORK SHOP MONTENEGRO 2023 – O`zbekiston va Chernogoriya davlatlari turizm tadbirkorlarining ikki tomonlama ochiq muloqoti o`tkazildi. Bu haqda Darakchi.uz muxbiri xabar berdi.

Tadbir O`zbekistonning “Prestige Travel” kompaniyasi va Chernogoriyaning “R-Tours Budva” kompaniyalari tashabbusi bilan Madaniyat va turizm vazirligi hamkorligida tashkil etildi. Unda Madaniyat va turizm vazirining birinchi o`rinbosari Ulug`bek A`zamov, ikki davlatning etakchi mehmonxona brendlari va turizm kompaniyalari rahbarlari ishtirok etishdi.

“Bugungi kunda turizmning O`zbekiston iqtisodiyotida tutgan o`rni o`sib bormoqda. Buni o`tgan yilda mamlakatimizga tashrif buyurgan xorijiy turistlar soni 5,2 mln. nafarga etib, turistik xizmatlar eksporti 1,6 mlrd. AQSh dollaridan oshganidan ham bilish mumkin. Joriy yilda Evropadan O`zbekistonga kirib keluvchi sayyohlar soni keskin ortishi kutilmoqda. Bunda Chernogoriya davlati bilan turizm sohasida yo`lga qo`yilayotgan ikki tomonlama munosabatlarimiz ham alohida o`rin tutadi.

Biz Chernogoriya davlatida yurtimizning tarixiy maskanlari, boy madaniy merosi va go`zal tabiati bilan yaqindan tanishish maqsadida bo`lganlar soni ortib borayotganligini qadrlaymiz va ularni mamlakatimizda ko`rishdan mamnun bo`lamiz”, dedi Madaniyat va turizm vazirining birinchi o`rinbosari Ulug`bek A`zamov.

Bu yil O`zbekistonga tashrif buyuruvchi xorijlik sayyohlar soni 7 milliondan ortishi kutilmoqda. O`zbekistonning turistik salohiyatini dunyoga tanitish va Evropa davlatlaridan kirib keluvchi sayyohlar sonini oshirishda mamlakatimizda turizmni jadal rivojlantirish hamda sohaning o`sish sur`atlari uchun sharoitlar yaratilmoqda. Bugungi kunga kelib, mamlakatimizda 5 mingga yaqin joylashtirish vositalari faoliyat ko`rsatmoqda, respublika bo`yicha sayyohlarni qabul qiluvchi o`rinlar soni 100 mingdan ortdi.

Madaniyat va turizm vazirligi sohada mehnat qilayotgan tadbirkorlar faoliyatini qo`llab quvvatlagan holda mamlakatimizda yangi turizm yo`nalishlari faoliyati uchun imkoniyatlar yaratib berish ustida ish olib borilmoqda. Bu bilan aholining turizm madaniyatini oshirish va ularning sifatli dam olishi uchun sharoit yaratiladi.

Ushbu tadbirni tashkil etishda tashabbus ko`rsatgan “Prestige Travel”  kompaniyasiga 2018 yilda asos solingan bo`lib, kompaniya tomonidan shu vaqtga qadar O`zbekiston uchun yangi yo`nalishlarda aviareyslar qo`yilishida muhim tashabbuslar ko`rsatib kelmoqda.

Jumladan, “Prestige Travel”  kompaniyasi tomonidan 2018 yili Toshkentdan Misrning Sharm-al-Shayx shahriga ilk marta to`g`ridan-to`g`ri reyslar amalga oshirila boshlandi. Shuningdek, 2021 yil may oyida Misrning eng yirik turistik markazlaridan biri Hurgada shahriga to`g`ridan-to`g`ri reyslar yo`lga qo`yilgan bo`lsa, shu yilning o`zida Vetnamning Phu Quok oroliga ham yangi yo`nalish ochildi. Bundan tashqari, 2022 yilning yozida Vetnamdagi kurort shaharlardan biri hisoblanmish Nha Trang shahriga to`g`ridan-to`g`ri reyslar qo`yildi.

Tadbirda aytilishicha, “Prestige Travel”  kompaniyasi tomonidan 2023 yilning iyunidan boshlab, Chernogoriyaga to`g`ridan to`g`ri reyslar amalga oshirila boshlanadi, va e`tiborlisi, endi Chernogoriyaga borishda O`zbekiston fuqarolaridan viza talab etilmaydi.

    Boshqa yangiliklar