“Ilmiy-metodik va tadqiqot ishlari sifatini oshirish orqali ta`lim tizimini kompleks rivojlantirishni jadallashtirish bo`yicha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Prezident qarori (PQ–128-son, 20.04.2023 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Qaror bilan Ta`limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi (Respublika markazi) tashkil etildi.
Respublika markazi davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi.
Respublika markazi, jumladan:
- ta`lim standartlari, o`quv rejalari va dasturlariga qo`yiladigan talablarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
- maktabgacha, umumiy o`rta va maktabdan tashqari ta`lim tashkilotlari uchun yangi darsliklar va o`quv-metodik majmualarni nashr qilish, tajriba-sinovdan o`tkazish va ekspertiza qilishni tashkillashtiradi.
Respublika markazi faoliyatiga umumiy rahbarlik Prezidentning fan, ta`lim, sog`liqni saqlash va madaniyat masalalari bo`yicha maslahatchisi bo`linmalari tomonidan amalga oshiriladi.
Respublika markaziga Prezident tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi.
Respublika markazi tomonidan ishlab chiqilgan va tasdiqlangan ta`lim standartlari, o`quv rejalari va dasturlariga qo`yiladigan talablar maktabgacha, umumiy o`rta va maktabdan tashqari ta`lim tashkilotlari, shuningdek, o`quv kurslari uchun majburiy hisoblanadi.
Qarorga ko`ra, vakolatli davlat organlari maktabgacha, umumiy o`rta va maktabdan tashqari ta`lim tashkilotlari, shuningdek, o`quv kurslarini lisenziyalash, attestasiya va davlat akkreditasiyasidan o`tkazishni Respublika markazi bilan kelishgan holda amalga oshiradi.






