Qayd etish lozimki, yangi tahrirdagi Konstitusiya loyihasining 31-moddasida beshta muhim qoidalar belgilab qo`yilmoqda:
birinchidan, har bir inson shaxsiy hayotining daxlsizligi, shaxsiy va oilaviy sirga ega bo`lish, o`z sha`ni va qadr-qimmatini himoya qilish huquqiga ega ekanligi belgilanmoqda;
ikkinchidan, kim yozishmalari, telefon orqali so`zlashuvlari, pochta, elektron va boshqa xabarlari sir saqlanishi huquqiga egaligi, ushbu huquqning cheklanishiga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yo`l qo`yilishi qayd etilmoqda;
uchinchidan, har kim o`z shaxsiga doir ma`lumotlarning himoya qilinishi huquqiga, shuningdek noto`g`ri ma`lumotlarning tuzatilishini, o`zi to`g`risida qonunga xilof yo`l bilan to`plangan yoki huquqiy asoslarga ega bo`lmay qolgan ma`lumotlarning yo`q qilinishini talab qilish huquqiga kafolatlanmoqda;
to`rtinchidan, har kim uy-joy daxlsizligi huquqiga egaligi kafolatlanmoqda;
beshinchidan, hech kim uy-joyga unda yashovchi shaxslarning xohishiga qarshi kirishi mumkin emasligi, uy-joyga kirishga, shuningdek unda olib qo`yishni va ko`zdan kechirishni o`tkazishga faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda yo`l qo`yilishi, uy-joyda tintuv o`tkazishga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yo`l qo`yilishi alohida qayd etilmoqda.
Birinchi qoidada keltirilgan shaxsiy va oilaviy sirlar deganda, nafaqat individual xarakterga ega bo`lgan hayot sohasini, balki fe`l atvor va odatlar, hayotiy voqealar, qarashlar, uchrashuvlar, intilishlar, moyilliklar, jismoniy nuqsonlar, muddati o`tgan sudlanganlik, ruhiy va boshqa kasalliklar nazarda tutiladi. Shaxsiy sirlar - bu inson hayotidagi voqealar, faktlar, taqdir sharoitlari to`g`risidagi har qanday insonning o`zi ochiqlashni xoxlamayotgan va bu malumotlar boshqalarga ma`lum bo`lmasligidir. Uning shaxsiy sir ekanligi o`sha shaxs tomonidan ochiqlanishi mumkin emasligini e`tirof etishdir.Oilaviy sirlar shaxsiy sirlardan shunisi bilan farq qiladiki, u bir necha oila azolariga tegishli bo`ladi. Oilaviy sirlar oilaning a`zolariga taalluqli bo`lishi mumkin. Bunda sir oilaning barcha a`zolari tomonidan ham emas, balki bir-ikki azosi tomonidan ham konfidensial deb topilishi mumkin. Oilaviy sirlarda ma`lumotlar oilaning barcha a`zolarini yohud ba`zi birlariga aloqador ham bo`lishi mumkin.
Ikkinchi va uchinchi qoidada keltirilgan jamiyatda har bir insonning shaxsiy hayot daxlsizligini ta`minlashga qaratilgan muhim huquq sirasiga kiradi. Yozishmalar, telefon so`zlashuvlari, telegraf va shaxsiy yozishmalar, ma`lumotlar shaxsiy sir deb baholanishi uchun inson o`zi uni sir sifatida saqlanishi uchun g`amxo`rlik qilishi, himoyalashi lozim. “Aloqa to`g`risida”gi Qonunning 13-moddasida shu haqda alohida norma kiritilgan. Vaholanki, inson bunday malumotlarni xohishiga ko`ra ochiqlanishiga harakat qilsa, u shaxsiy sir maqomini yo`qotadi. Shaxsiy va oilaviy sirlar davlat tomonidan muhofazalanishi va bunday muhofaza davlat siridan kam bo`lmagan darajada bo`lishi lozim.
Endilikda tergovchi, surishtiruvchi va prokuror tomonidan tintuv o`tkazish va telefon so`zlashuvini eshitish zaruratini sudga asoslantirishi zarur bo`ladi. Qachon sud ruxsat bersagina uning telefon so`zlashuvlari eshitilishi, uy-joyi tintuv qilinishi mumkin. Chunki sud prokurorga nisbatan jinoyat ishi yuzasidan hech bir idoraviy yoki boshqa manfaatga ega emas, u betarafdir. 2019 yilda qabul qilingan “Shaxsga doir ma`lumotlar to`g`risida”gi qonunga ko`ra, shaxsga doir ma`lumotlardan foydalanishga ruxsat olgan shaxslar ushbu ma`lumot egasining roziligisiz shaxsga doir ma`lumotlarni uchinchi shaxslarga oshkor etmasligi va tarqatmasligi shart.
To`rtinchi va beshinchi qoidalarda keltirilgan huquq uy-joyning mulkdori va undan foydalanuvchilarning roziligisiz biror-bir shaxs uy-joyga kirishga, jarayonlarni kuzatishga, foto va video tasvirga olishga haqli emasligini anglatadi. Daxlsizlik kafolatlari nafaqat uy-joyning o`ziga, balki uning ichida joylashgan barcha ob`ektlar va hujjatlarga, shuningdek unda saqlanadigan barcha ma`lumotlarga nisbatan ham qo`llaniladi. Turar joy daxlsizligiga oid normalar Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeks (45-modda), Jinoyat kodekslarida (142-modda) o`z ifodasini topgan. Mazkur qoidalar Ozarbayjon, Armaniston, Qozog`iston, Rossiya va boshqa davlatlar konstitusiyalarida mavjud.
Yangi tahrirdagi Konstitusiyada bunday mazmundagi normalarning belgilanishi inson va fuqarolarning shaxsiy hayot daxlsizligini, sha`ni va qadr-qimmatini himoya qilishni ta`minlashda muhim kafolat bo`lib xizmat qiladi.
Sherzod Zulfiqorov,
O`zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizlgi universiteti professori






