Jizzax viloyatida davlat xizmatchisi faoliyatiga qarshilik ko`rsatib, unga tan jarohati etkazgan brakonerga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, departamentning Aydar-Arnasoy ko`llar tizimi resurslardan foydalanish sohasida iqtisodiy huquqbuzarliklarga qarshi kurashish bo`limi tomonidan Tabiat resurslari vazirligining Aydar-Arnasoy ko`llar tizimi bo`limi xodimlari bilan hamkorlikda tungi vaqtda tezkor tadbir o`tkazildi. Tadbirda Arnasoy tumanida yashovchi K.S. va boshqalar elektr qarmoqlaridan foydalangan holda noqonuniy baliq ovlayotgani aniqlangan.
K.S. xizmat vazifasini bajarayotgan xodimlarning qonuniy talablarini bajarmasdan, ularga faol qarshilik ko`rsatib, noqonuniy ovlagan baliqlari va boshqa ashyoviy dalillarni yo`q qilish maqsadida o`zining Nexia-3 rusumli avtotransport vositasini departament bo`lim boshlig`i P.O.ning ustiga haydab, uning hayoti va sog`lig`iga xavf tug`dirish orqali tan jarohati etkazgan.
Mazkur holat yuzasidan Forish tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko`rsatish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






