O`tgan yilning 17 oktyabr kuni soat 11:10 larda Farg`ona viloyatida joylashgan “Indorama Kokand Fertilizers and Chemicals” AJda baxtsiz hodisa yuz bergani xabar qilingan edi. Holat yuzasidan korxona rahbariga sud hukmi o`qildi.
Qayd etilishicha, fuqaro D. Qo`qon shahridagi “Indorama Kokand Fertilizers and Chemicals” AJ hamda “Metall Universal 777” MChJ o`rtasida tuzilgan shartnomaga asosan korxonaning qadoqlash sexida qurilish montaj ishlari amalga oshirilayotgan.
Shunda o`g`it qadoqlash uskunasi bunkeri ostida metall konstruksiya qismlarini o`rnatish jarayonida, tayanchlarni kesish oqibatida bunker qulab tushgan.
MChJ rahbari lavozimida ishlab kelib, texnika xavfsizligi va mehnatni muhofaza qilishning boshqa qoidalariga rioya qilishga mas`ul shaxs bo`lgani holda, fuqaro Y.ni yollanma ishchi sifatida ishga qabul qilgan. U “Mehnatni muhofaza qilish to`g`risida”gi qonunning 23- va 25-moddalari talablarini buzib, Y.ni texnologik qurilmalar va ular bilan bog`liq konstruksiyalar montajchisi vazifasiga tayinlagan.
Shuningdek, xodimni shartnoma asosida yirik zavodlardan birining ishlab chiqarish sexidagi tayyor mahsulotlarni qadoqlash omboriga demontaj ishlarini bajarish uchun jalb etgan. Xodim ish jarayonida xavfsizlik qoidalariga amal qilmagan holda, balandligi 18 metr bo`lgan uchta qadoqlash bunkerining tayanch qismlarini bezak yordamida kesgan vaqtda bunkerlar qulab tushgan. Qurilmaning ostida qolgan xodim hodisa joyida halok bo`lgan.
Qayd etilishicha, holat yuzasidan yuritilgan jinoyat ishi Qo`qon sudida ko`rib chiqilgan. Sudlanuvchi aybiga to`liq iqrorligi, jabrlanuvchining oila a`zolariga moddiy yordam ko`rsatgani, marhumning dafn marosimlarini o`tkazgani, uning rafiqasi hisob raqamiga ko`p miqdorda pul qo`ygani va boshqa jihatlarni inobatga olib, suddan engillik so`ragan.






