Investisiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Markaziy Osiyo va Xitoy hududlari rahbarlari forumi o`tkazishni taklif qildi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, 18 aprel kuni vazir videokonferensiya tarzida Markaziy Osiyo—Xitoy tashqi iqtisodiy va tashqi savdo faoliyatiga mas`ul vazirlarning birinchi yig`ilishida ishtirok etgan.
Laziz Kudratov o`z nutqida mintaqaning ulkan tranzit salohiyatidan samarali foydalanish muhimligini, shuningdek, yuk tashishning uzluksizligini ta`minlash va transchegaraviy logistika tarmoqlarini rivojlantirish bo`yicha tizimli echimlarni ishlab chiqish zarurligini ta`kidlagan.
Hududlararo rivojlanishni chuqurlashtirish bo`yicha ishlarni davom ettirish muhimligi ta`kidlangan. Biznes hamjamiyatlari o`rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va yangi o`sish nuqtalarini kashf etish maqsadida 2023 yilning ikkinchi yarmida O`zbekistonda Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy hududlari rahbarlarining forumini o`tkazish taklif etilgan.
Raqamli savdoni kengaytirish doirasida o`zaro hamkorlikni faollashtirish istiqbollari muhokama qilindi. “Raqamlashtirish davrida iqtisodiyot va savdoni rivojlantirish dasturi”ni ishlab chiqish tashabbusi ilgari surildi. Unda mintaqa mamlakatlari IT-parklari negizida “Intellektual Ipak yo`li” qo`shma platformasini yaratish ko`zda tutilgan. Uchrashuv ishtirokchilari imzolanishi rejalashtirilgan savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, mintaqa doirasida raqamli savdo sohasida hamkorlik qilish bo`yicha memorandumlar muvaffaqiyatli kelishilganini mamnuniyat bilan qayd etgan.






