Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida 21 aprel kuni Airbus A330 samolyotini kutib olish marosimi bo`lib o`tdi.
ma`lum qilinishicha, Uzbekistan Airways 2023—2024 yillarda ikkita A330 samolyotidan tijorat maqsadlarida foydalanishni rejalashtirgan. Uning saloni 266 yo`lovchiga mo`ljallangan, ulardan 18 tasi biznes-klass, 248 tasi ekonom-klass o`rindiqlari.
23 aprel kuni Toshkent—Istanbul—Toshkent yo`nalishi bo`yicha ilk tijoriy aviaqatnov amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ikkinchi Airbus A330 havo kemasi esa 2023 yilning 3 may kuni O`zbekistonga etkazilishi kutilmoqda.
Uzbekistan Airways`ning tashabbuskor rejalarini amalga oshirish uchun havo kemalari parkini kengaytirish va yo`nalishlar tarmog`ini ko`paytirish bo`yicha vazifalarni bajarish konsepsiyasi doirasida Airbus A330 oilasiga mansub ikkita samolyotni ijaraga olishga qaror qilingan.
Tegishli kelishuv Uzbekistan Airways va Heston Airlines o`rtasida imzolandi. Kompaniya havo kemalari barcha xavfsizlik talablariga javob beradi hamda o`rta va uzoq masofalarga parvozlarni amalga oshiradi. Dastlabki bosqichda Uzbekistan Airways ushbu havo kemasini Toshkent—Istanbul, Toshkent—Dubay va Toshkent—Jidda yo`nalishlarida foydalanishni rejalashtirmoqda.






