AsosiyJamiyat

Senatning huquqni muhofaza qiluvchi organlar va maxsus xizmatlar ustidan nazorat vakolatlari kuchaytirilmoqda

'Senatning huquqni muhofaza qiluvchi organlar va maxsus xizmatlar ustidan nazorat vakolatlari kuchaytirilmoqda'ning rasmi

​Yangi tahrirdagi Konstitusiya loyihasining 95-moddasida, Oliy Majlis Senatining huquqni muhofaza qiluvchi organlar va maxsus xizmatlar ustidan nazorat vakolatlari aniq qilib belgilab qo`yilmoqda. Alohida ta`kidlash lozimki, Oliy Majlis Senatining mutlaq vakolatlari amaldagi 14 tadan 18 tagako`paymoqda. Yangi tahrirdagi Konstitusiya xalqparvar davlat qurish maqsadida kuchli parlament, ixcham va mas`uliyatli hukumat, mustaqil va adolatli sud tizimini barpo etishgabevosita qaratilgan.

​Oliy Majlisning qonuniylikni, sud hokimiyati mustaqilligini ta`minlash, shuningdek korrupsiyaga qarshi kurashish va monopoliyaga qarshi qonunchilikka rioya etish sohasidagi nazoratni amalga oshirish  borasidagi tutgan o`rnini kuchaytirish maqsadida, Senatga Sudyalar oliy  kengashining tarkibini, korrupsiyaga qarshi kurashish hamda monopoliyaga qarshi organlar rahbarlarini saylash vakolatlari berilmoqda.

​ Yangi tartibga muvofiq, Sudyalar oliy kengashi tarkibi, korrupsiyaga qarshi kurashish hamda monopoliyaga qarshi organlar rahbarlarining nomzodlari  Prezident taqdimiga binoan,  Oliy Majlis Senati tomonidan saylanish tartibi belgilanmoqda. Bu orqali esa birinchidan, O`zbekiston Respublkikasi Prezidentining ba`zi vakolatlari Senatga o`tkazilmoqda, ikkinchidan, mazkur lavozimdagi shaxslarni shakllantirish demokratiyaning muhim ko`rinishi, ya`ni saylash yo`li bilan amalga oshirilmoqda: uchinchidan,  mazkur lavozimdagi shaxslarning Senat oldidagi mas`uliyati va javobgarligi kuchaytirilmoqda.

​Amaldagi Konstitusiyaning 80- moddasiga ko`ra, Oliy Majlis Senati  O`zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Sudyalar oliy kengashining raisini tayinlash tartibi belgilab qo`yilgan. Ammo, korrupsiyaga qarshi kurashish hamda monopoliyaga qarshi organlar rahbarlarini tayinlash yoki saylash tartibi konstitusiyada belgilanmagan.

​E`tibor qaratadigan bo`lsak, amaldagi Konstitusiyada Oliy Majlis Senati O`zbekiston Respublikasi Bosh prokurori va Hisob palatasi raisini tayinlash hamda ularni lavozimidan ozod etish to`g`risidagi Prezident farmonlarini tasdiqlash vakolatiga ega bo`lgan bo`lsa, endilikda mazkur lavozimlarga nomzodlar Prezident tomonidan taqdim etiladi, Senat esa ko`rib chiqadi va ma`qullaydi.

​​Bu yangi tartibga ko`ra, birinchidan,O`zbekiston Respublkikasi Prezidentining ba`zi vakolatlari Senatga o`tkazilmoqda; ikkinchidan,Bosh prokuror va Hisob palatasi raisini tayinlashda Senatning ishtiroki ta`minlamoqda;uchinchidan, Bosh prokuror va Hisob palatasi raisinining Senat oldidagi mas`uliyati kuchaytirilmoqda.

Shu bilan birga, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan taklif etilgan O`zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisilavozimiga nomzod yuzasidan  Senat bilan maslahatlashuvlar o`tkazish tartibi belgilanmoqda. Bu orqali, Senatning mazkur lavozimga tayinlanadigan nomzod bo`yicha o`z fikr va mulohazalarini bildirish imkoniyati paydo bo`lmoqda. Amaldagi Konstitusiyada esa Senat tomonidan Prezidentining O`zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisini tayinlash va uni lavozimidan ozod etish to`g`risidagi farmonlari rasmiy nuqtai nazardan tasdiqlanar edi. Bu albatta, Davlat xavfsizlik xizmati raisining Senat oldidagi mas`uliyatini oshiradi.

Parlament yoki uning quyi palatasi u yoki bu shakldagi davlat boshqaruvi organlarini shakllantirishda ishtirok etadigan mamlakatlar katoriga Braziliya, Isroil, AQSh, Yaponiya kabi davlatlarni misol tariqasida ko`rsatib o`tish mumkin.

Xulosa qilib aytganda,  Yangi O`zbekistonda olib borilayotgan ma`muriy islohotlarning maqsadi va vazifalaridan kelib chiqib, parlamentning yuqori palatasi – Senat modernizasiya qilinmoqda, Senatning vakolatlari, shu jumladan unga Prezidentning bir qator vakolatlarini o`tkazish orqali kengaytirilmoqda.

 

Sherzod Zulfiqorov, Jamoat xavfsizligi universiteti professori 

    Boshqa yangiliklar