Turkman xalqining milliy etakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov Janobi Oliylariga
Hurmatli Gurbanguli Myalikgulievich!
Qadrli do`stim!
Sizni aloqalarimiz tarixidagi muhim sana – O`zbekiston va Turkmaniston o`rtasida diplomatik aloqalar o`rnatilganining 30 yilligi bilan samimiy tabriklab, eng ezgu tilaklarimni yo`llashdan bag`oyat xursandman.
Davlatlarimizning yaxshi qo`shnichilik va o`zaro yaqin hamkorlik rishtalari asrlar davomida yonma-yon tinch va totuv yashab kelayotgan, ildizlari mushtarak va qon-qardosh bo`lgan xalqlarimizning umumiy farovonligi va ravnaqiga, shuningdek, mintaqamiz tinchligi va barqarorligi uchun muhim poydevor bo`lib xizmat qilib kelmoqda.
Shu o`rinda do`st mamlakatlarimiz o`rtasidagi hamkorlikni har tomonlama kengaytirishda, o`zaro hurmat va ishonchga asoslangan strategik sheriklikni misli ko`rilmagan darajada yuksaltirishda Siz, Janobi Oliylarining qo`shib kelayotgan ulkan hissangiz borligini alohida ta`kidlashni istar edim.
Siz bilan o`rtamizda qaror topgan doimiy ochiq va ishonchli muloqotlar, davlatlararo munosabatlarimizni tartibga soluvchi samarali mexanizmlarning yaratilgani barcha ustuvor yo`nalishlarda o`zaro manfaatli hamkorlikni yanada kuchaytirish uchun mustahkam zamin bo`lib xizmat qilmoqda.
Hurmatli Gurbanguli Myalikgulievich!
Sizning uzoqni ko`zlagan, oqilona ichki va tashqi siyosatingiz natijasida bugungi kunda Turkmaniston barcha jabhalarda katta yutuq va marralarga erishmoqda, aholining farovonligi muttasil oshib, mamlakatning xalqaro maydondagi obro`-e`tibori yuksalib bormoqda.
O`tgan yilning 11 noyabrida Samarqandda bo`lib o`tgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida Sizning shaxsan ishtirokingiz va “Turkiy dunyoning oliy ordeni” bilan taqdirlanganingiz anjumanning ahamiyatini yanada oshirishga beqiyos hissa qo`shish barobarida, qardosh o`zbek va turkman xalqlarining do`stona aloqalari naqadar yuqori darajada ekanini dunyoga yana bir karra namoyish etdi.
Sizning yurtingiz va elingiz ravnaqi uchun qilayotgan ulug`vor va tarixiy ishlaringiz, uzoq istiqbolga yo`naltirilgan strategiya va dasturlaringiz, olib borgan ko`lamdor islohotlaringiz natijasida yaqinda betaraf Turkmanistonning Xalq hokimiyati Oliy vakillik organi – Xalq Maslahatining raisi etib tasdiqlandingiz va Turkman xalqining milliy lideri maqomiga sazovor bo`ldingiz.
Hech shubhasiz, azaliy qardoshlik, boqiy do`stlik va bir-birini qo`llab-quvvatlash tamoyillariga asoslangan uzoq muddatli hamda keng qamrovli sherikligimiz bundan keyin ham izchil davom etadi, deb qat`iy ishonaman.
Fursatdan foydalanib, Sizga mustahkam sog`liq, uzoq umr, oilaviy baxt-saodat, sharafli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar, qardosh turkman xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik, davomiy taraqqiyot va farovonlik tilab qolaman.
Samimiy ehtirom ila,
Shavkat Mirziyoev,
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti






