O`zbekistonda 2023 yilgi davlat dasturi loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo`yildi. Mazkur loyihada yo`l harakati xavfsizligini ta`minlash sohasini “shahar avtomobillar emas, balki piyodalar uchun” g`oyasi asosida isloh qilish belgilangan.
2023 yil 1 iyundan boshlab O`zbekistonning barcha aholi punktlarida transport vositalari harakatlanishining eng yuqori tezligini soatiga 70 kilometrdan 60 kilometrgacha tushirish taklif etilmoqda.
Qayd etilishicha, tezlikni 10 kilometr soatga tushirish o`lim holatlarini kamida 15 foizga kamaytirishga olib keladi. Ma`lumotlarga ko`ra, birgina Toshkent shahrida 2022-yilda 1200 ta yo`l-transport hodisasi sodir etilgan, bu 2021 yildagi holatlardan (1073) qariyb 130 taga ko`p. Ushbu davrda yo`l-transport hodisalari oqibatida halok bo`lganlar soni 136 nafarini tashkil etadi.
Shuningdek, 2023 yil 1 sentyabrdan boshlab, transport vositasining mulkdoriga transport vositasini boshqarish huquqi o`tkazilgan shaxs bilan birgalikda tegishli huquqni belgilovchi hujjatni taqdim etgan holda DYHXX organlarini transport vositasini boshqarish huquqini o`tkazgani haqida xabardor qilish huquqi beriladi.
Bunda, xabarnoma olingan kundan boshlab vakolatli organ tomonidan huquqbuzarliklarni qayd etish tizimiga tegishli o`zgartirishlar kiritish va ushbu transport vositasida sodir etilgan yo`l harakati qoidalari buzilgani uchun boshqarish huquqi o`tkazilgan shaxsga nisbatan ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risidagi bayonnomani rasmiylashtirish tartibi joriy etiladi.
Bu mexanizmlar transport vositasi boshqaruvi bilan bog`liq ma`muriy huquqbuzarliklarni maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etishda ball tizimi joriy etilishi munosabati bilan kiritilmoqda.






