AsosiyJamiyat

Shavkat Mirziyoev huzurida energiya ta`minoti sohasida nazorat tizimini tartibga solish chora-tadbirlari yuzasidan yig`ilish bo`lib o`tdi

'Shavkat Mirziyoev huzurida energiya ta`minoti sohasida nazorat tizimini tartibga solish chora-tadbirlari yuzasidan yig`ilish bo`lib o`tdi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev huzurida 6 fevral kuni energiya ta`minoti sohasida nazorat tizimini tartibga solish chora-tadbirlari yuzasidan yig`ilish bo`lib o`tdi.

Yig`ilishda energiya etkazib berish va hisob-kitob tizimidagi muammolar tanqidiy tahlil qilindi. Yanvar oyidagi sovuq bu borada boshqaruv va nazorat susayib ketganini yaqqol ko`rsatdi. Mutasaddi tashkilotlar avtomatik hisoblash tizimi elektr energiyasida 92 foiz, tabiiy gaz bo`yicha 98 foiz o`rnatilgan, deb hisobot bergan. Lekin haligacha debitor qarzdorlik yuqoriligicha qolmoqda.

Tumanlardagi tarmoq idoralari elektr va gazga ulanishga hisob-kitob va tahlillarsiz ruxsat berayapti. Masalan, Toshkent shahrining 120 ta mahallasida transformatorlar yuklamani ko`tarmagani uchun bir oyning o`zida 5-6 martalab ta`mirlangan.

Hanuzgacha tizimda o`g`irlik juda katta. Resurslar xo`jasizlarcha talon-toroj qilinayapti. Birgina dekabr oyida elektr va gazdan noqonuniy foydalanish bo`yicha 12 mingdan ziyod holatda 600 milliard so`mlik zarar aniqlangan. Avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari ustidan nazorat butunlay izdan chiqqan.

Shulardan kelib chiqib, energetika sohasida nazoratni kuchaytirish va qonun ustuvorligini ta`minlash bo`yicha yangi tizim belgilandi. Bu tizimga energetika nazorati bo`yicha ikki yil “favqulodda tartibda” ishlash vazifasi qo`yildi. Energoinspeksiya va Majburiy ijro byurosining ishini takomillashtirish, elektr va tabiiy gazga ulanishda yangicha yondashuvlarni joriy qilish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Yig`ilishda energetika infratuzilmasini rivojlantirish masalalariga ham e`tibor qaratildi. Xususan, Toshkent shahrining raqamli xaritasini ishga tushirish vazifasi qo`yildi. Bunda auksionga chiqarilayotgan erlarning joylashuvi, energetika, kommunal va ijtimoiy infratuzilma quvvati aniq ko`rinib turadi.

Yig`ilishda mutasaddilar yangi tizimni amalga oshirish masalalari yuzasidan axborot berdi. 

    Boshqa yangiliklar