O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 6 fevral kuni mamlakatimizdagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Xitoy Xalq Respublikasining Favqulodda va Muxtor elchisi Szyan Yanni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari elchining O`zbekiston-Xitoy do`stlik va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashdagi sermahsul ishlari va faol sa`y-harakatlarini mamnuniyat bilan qayd etdi.
O`tgan yilning sentyabr oyida XXR Raisi Si Szinpinning O`zbekistonga davlat tashrifi muvaffaqiyatli o`tdi.
Keyingi bir necha yilda tovar ayirboshlash ikki barobar ko`paydi, qo`shma loyiha va korxonalar soni uch barobarga oshdi. Yirik investisiya va infratuzilma loyihalari amalga oshirilmoqda. “Xitoy-Qirg`iziston-O`zbekiston” temir yo`lini qurish loyihasini ilgari surish bo`yicha amaliy hamkorlik boshlandi.
Madaniy-gumanitar almashinuvlar kengaymoqda, ta`lim, sog`liqni saqlash, arxeologiya, turizm va boshqa yo`nalishlarda muhim dasturlar ro`yobga chiqarilmoqda.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan ikki tomonlama munosabatlarda bugungi darajaga erishilishiga qo`shgan shaxsiy hissasi uchun elchi Szyan Yan mamlakatimizning yuksak davlat mukofoti – “Do`stlik” ordeni bilan taqdirlandi.






