Joriy yilning 6 fevral kuni Turkiya Respublikasida sodir bo`lgan zilzilalar aholi o`rtasida turli sarosimalar yuzaga kelishiga sabab bo`lmoqda.
Bu, o`z navbatida, mamlakatimiz hududida seysmogen holat, bu boradagi amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan aholiga xolis va ishonchli ma`lumotlar taqdim etishni taqozo qiladi.
Qayd etish kerakki, Turkiya hududi seysmik faol zonada joylashgan bo`lib, zilzilalar aynan mazkur seysmogen zonalarda sodir bo`lmoqda.
Bugungi kunda respublikamizda Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Fanlar akademiyasi hamkorligida Seysmik vaziyatni baholash va kelgusidagi seysmik vaziyatni prognoz qilish bo`yicha Idoralararo ekspert komissiyasi faoliyat yuritadi. Mazkur Idoralararo ekspert komissiyasi har hafta bo`yicha Respublika va unga chegaradosh hududlarda zilzila sodir bo`lish ehtimolligini kompleks-prognostik kuzatuv natijalariga asosan baholaydi.
“Hozirgi kunda zilzilalarni prognoz qilish sohasida seysmometrik, geofizik, magnitometrik va gidrogeoseysmologik kuzatuvlar olib boriladi.
Olingan kuzatuv ma`lumotlari natijalariga asosan Idoralararo ekspert komissiyasining 2023 yil 3 fevraldagi 5-sonli bayoni xulosasiga ko`ra, O`zbekiston va unga chegaradosh hududlarda magnitudasi M≥5 bo`lgan zilzilalar darakchilari aniqlanmagan hamda kuchli zilzilalar sodir bo`lish ehtimoli mavjud emasligi ma`lum qilinadi,” – deyilgan vazirlik bayonotida.
06.02.2023 19:29
“O`zbekiston hududlarida kuchli zilzilalar sodir bo`lish ehtimoli mavjud emas”. FVV aholida yuzaga kelayotgan sarosimalarga javob qaytardi






