AsosiyJamiyat

Tadbirkorlarning soliq qarziga penya hisoblash vaqtincha to`xtatildi

'Tadbirkorlarning soliq qarziga penya hisoblash vaqtincha to`xtatildi'ning rasmi

“Havo harorati keskin sovib ketishining iqtisodiyotga salbiy ta`sirini kamaytirish uchun tadbirkorlik sub`ektlarini qo`llab-quvvatlash chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko`ra, tadbirkorlarning 2023 yil 1 yanvarga nisbatan 1 fevral holatiga oshgan (hosil bo`lgan) soliq qarzini 2023 yil 1 martdan 1 iyulgacha foizlarsiz, qo`shimcha shartlar qo`ymasdan va ta`minot talab etmasdan teng ulushlarda bo`lib-bo`lib to`lashga ruxsat beriladi.

Tadbirkorlarning soliq qarziga penya hisoblash 2023 yil 1 aprelgacha to`xtatiladi.

Tashqi savdo operasiyalari bo`yicha muddati o`tgan debitor qarzdorlik uchun xo`jalik yurituvchi sub`ektlarga 2023 yil 1 aprelgacha jarimalar qo`llanilmaydi.

Shuningdek, tadbirkorlar 2022 yil dekabr va 2023 yil yanvar-fevral oylarida davlat mulkidan foydalanganlik uchun ijara to`lovlarini 2023 yil 1 martdan 1 iyulgacha teng ulushlarda bo`lib-bo`lib to`lashi mumkin.

Tadbirkorlar tomonidan bo`lib-bo`lib to`lash sharti bilan sotib olingan davlat aktivlari bo`yicha 2022 yil dekabr va 2023 yil yanvar oylarida to`lanishi lozim bo`lgan to`lovlar, shu jumladan dastlabki to`lov to`lanmaganligi uchun foizlar va penyalar hisoblash 2023 yil 1 aprelgacha to`xtatib turiladi.

2022 yil dekabr va 2023 yil yanvar oylarida davlat xaridlari doirasida tuzilgan shartnomalar shartlari havo haroratining keskin sovib ketishi tufayli bajarilmaganligi uchun tadbirkorlarga jarima va penyalar qo`llanilmaydi.

Havo haroratining keskin sovib ketishi oqibatida qiyinchiliklarga duch kelgan tadbirkorlarga nisbatan 2023 yil 1 aprelgacha davlat foydasiga undiruvlar bilan bog`liq sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining majburiy ijrosi to`xtatiladi.

Qarorga ko`ra, tadbirkorlarga havo haroratining keskin sovib ketishi oqibatida nosoz holga kelgan asosiy vositalarni ta`mirlash uchun ajratilgan kreditlar bo`yicha kredit summasining 50 foizigacha (50 foizi ham kiradi), lekin umumiy qiymati 2,5 mlrd so`mdan oshmagan miqdorda kafillik beriladi.

    Boshqa yangiliklar