Buxoro viloyatining Peshku tumanida 31 yanvar kuni noqonuniy diniy ta`lim o`rgatish bilan shug`ullanayotgan o`quv markazi aniqlandi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.
Xabarda aytilishicha, 1987 yilda tug`ilgan S.Sh. va 1990 yilda tug`ilgan X.B.lar tashkil etgan "Misvoh" nomli o`quv markazida arab tilini o`rgatish bahonasida 9 nafar voyaga etmagan yoshlar va 19 nafar katta yoshdagi shaxslarga qonunga xilof ravishda diniy ta`lim berib kelinayotgani aniqlangan.
Bundan tashqari, 1993 yilda tug`ilgan T.M. Telegram messenjerida "Muslimalar" nomli virtual guruh tashkil qilib, 8 nafar fuqarolarga onlayn tarzda diniy ta`lim berayotganligi aniqlangan.
O`tkazilgan surishtiruv tadbirlari jarayonida T.M. rasmiy hujjatlari bo`lmagan holda arab tilini o`rgatish bahonasida noqonuniy ravishda diniy ta`lim berib kelayotgani ma`lum bo`lgan.
Javobgar shaxslar O`zbekiston Oliy sudi tomonidan faoliyati taqiqlangan "Sodiq Samarqandiy"ning ma`ruzalarini ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatib kelgan.
“Ushbu fuqarolarning xatti-harakatlarida O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 241-moddasida (Diniy ta`limotdan saboq berish tartibini buzish) ko`zda tutilgan noqonuniy harakatlar mavjud”, — deyiladi xabarda.






