Andijon viloyati hokimi elektr energiyasi masalasi bo`yicha olimlar ishtirokida faoliyat boshladi, deb xabar bermoqda viloyat hokimligi matbuot xizmati.
Xabarda aytilishicha, Shuhrat Abdurahmonov prezident belgilab bergan vazifalarga asosan gidroelektr stansiyalari loyihalarini ishga tushirish bo`yicha harakatlarni olib bormoqda. Jumladan, 5 fevral kuni viloyat hokimi Izboskan tumanida 1950 yillarda qurilgan va 80 yillardan buyon ishlashdan to`xtab qolgan stansiyani ko`zdan kechirgan.
Stansiya yaqinidagi daryodan 90 metr kub miqdorda suv oqib o`tadi. Buning yordamida stansiyadan 10 megavatt elektr energiyasi olish mumkin. Yangi loyihalar asosida mazkur stansiya faoliyatini tiklash ko`rib chiqilmoqda. Olimlar va etuk mutaxassislar ishtirokida muhokama yuritilib, ularning takliflari va tadbirkorlarning loyihalari bilan tanishildi.
Viloyat rahbari bu borada respublika rahbariyatiga ma`lumot berib o`tdi hamda rejalarni bu yildan qoldirmasdan amalga oshirish zarurligini aytdi.






