Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti eksperti Mariya van Kerxovening ta`kidlashicha, "omikron" shtammi hamon faol mutasiyaga uchrash bosqichida. Hozir u 600 dan ortiq subvariantga ega va rivojlanish jarayoni to`xtagani yo`q. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Xususan, so`nggi paytlarda dunyoning qator davlatlarida "kraken" nomini olgan XBB.1.5 versiyasi shiddat bilan tarqalmoqda.
Tahlillarga ko`ra, koronavirusning bu subvarianti garchi nisbatan engil asoratlar bilan o`tayotgan bo`lsa-da, ammo u o`ta yuquvchanligi bilan ajralib turadi. Shu bois XBB.1.5 AQSh va Evropaning ko`plab mamlakatlarida allaqachon dominant versiyaga aylanib ulgurgan.
Ayni sababdan JSST dunyo aholisi to`liq bosqichda va buster dozada emlanishi zarurligini takror-takror eslatmoqda. Bu tavsiyalarga, birinchi navbatda, xavf guruhiga mansub qatlam — keksalar, surunkali kasalliklarga chalinganlar, immuniteti zaif kishilar, tibbiyot xodimlari va homilador ayollar amal qilishlari kerak.






