Yuqori Chirchiq tumani «Fayzobod» mahallasida yashovchi fuqaroning hovlisidan 5 bosh qo`ylar noma`lum shaxslar tomonidan o`g`irlab ketilgan edi. Mazkur holat shu vaqtning o`zida IIB nazoratiga olinib, surishtiruv ishlariga kirishilgan.
Oradan 4 kun o`tib, ushbu mahallaning «Qaytmas» ko`chasida yashovchi yana bir fuqaro xonadonidan ham yuqoridagi kabi 4 bosh qo`ylar va 2 bosh buzoq o`g`irlangani haqida tezkor xabar olingan.
Hududda o`tkazilgan o`rganishlar va tezkor surishtiruv tadbirlari davomida ushbu ikki jinoyatni 20-25 yoshlar orasidagi 6 nafar shaxslar sodir etganligi aniqlanib, ular prosessual tartibda ushlangan, deya xabar beradi Toshkent viloyati IIBB Axborot xizmati.
"Holat yuzasidan dastlabki tergov jarayonida, birinchi holat bo`yicha fuqaroga etkazilgan 15 mln so`m moddiy zarar undirib berilishiga erishilgan bo`lsa, ikkinchi holatda o`g`irlangan 4 bosh qo`y va 2 bosh buzoq jabrlanuvchiga qaytarilishi ta`minlandi.
Hozirda ushlangan shaxslarga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169-moddasi, 3-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan, deyiladi xabarda.






