Parkent tumani Zarkent qishlog`ida avtokran qulab, uning mashinisti shifoxonada vafot etdi. Hodisa bo`yicha maxsus tekshirish o`tkazilib, xulosalar huquq-tartibot organlariga taqdim etilishi ma`lum qilindi.
Toshkent viloyati Parkent tumani Zarkent qishlog`ida kran ag`darilib ketib, odam halok bo`lgani aytilgan video tarqaldi. "O`zbekiston temir yo`llari" AJ holat yuzasidan ma`lumot berdi.
Aniqlanishicha, avtokran bilan yuz bergan baxtsiz hodisa yukni bir nechta kranlar bilan ko`tarish (sparennaya peremeshennie gruza) asosida amalga oshirilmagani sababli ro`y bergan. Avtokranning og`ib ketishi oqibatida mashinist tan jarohatlar olgani sababli "Ko`prikqurilish tresti" UKga qarashli "13-Ko`prikqurilish otryad" xodimlari tomonidan Parkent tumani shifoxonasiga yotqizilgan. Og`ir jarohatlar olgani sababli avtokran mashinisti shifoxonada vafot etgan.
"Ko`prikqurilish tresti" UKga qarashli "13-Ko`prikqurilish otryadi" "Qyl-yo`l ko`prik qurilish ta`mir" MChJ bilan shartnoma imzolagan. Ushbu hujjatda buyurtmachi tomonidan xizmat ko`rsatuvchi xodimlarni kunlik tibbiyot ko`rigidan o`tkazishi va mehnat muhofazasi tadbirlarini o`tkazish lozim bo`lgan band alohida ko`rsatib o`tilgan. MChJ tomonidan shartnoma bandlariga rioya qilmagani, muntazam ravishda xavfsizlik choralarini ko`rmagani sababli ushbu baxtsiz hodisa ro`y bergan, — deya izohlanadi holat.
Sodir bo`lgan hodisa bo`yicha viloyat mehnat inspeksiyasi mutaxassislari tomonidan maxsus tekshirish o`tkazilishi va ularning xulosalari huquq-tartibot organlariga taqdim etilishi ma`lum qilindi.






