“O`zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaevning topshirig`iga ko`ra, korrupsiyaga qarshi kurashish, moliyaviy va komplaens nazorati yo`nalishidagi xato-kamchiliklarni aniqlash va ularni kelgusida yo`l qo`yilishining oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar davom etmoqda.
Navbatdagi o`rganishlar “Maroqand neft bazasi” mas`uliyati cheklangan jamiyatida o`tkazildi.
Doimiy tarzda olib borilayotgan o`rganishlarga qaramasdan, Jamiyat sobiq rahbarlari va mas`ul xodimlari tomonidan neft mahsulotlarining saqlanishi, iste`molchilarga etkazib berilishi, debitor va kreditor qarzdorliklar bilan ko`plab noo`rin xarajatlarga yo`l qo`yish holatlari aniqlanmoqda. Xususan, ular tomonidan amaldagi qonunchilikka rioya qilmaslik natijasida 48 834,1 mln.so`mlik moliyaviy xato va kamchiliklarga yo`l qo`yilganligi fosh etildi.
“Maroqand neft bazasi” MChJning sobiq rahbariyati va mutasaddi xodimlari o`z xizmat mavqeidan foydalanib o`zlariga tegishli korxonalar va fermer xo`jaliklariga jami 17 818,3 mln so`mlik neft mahsulotlari to`lovsiz etkazib, o`zlashtirishgan.
Neft baza hisobchilari tomonidan jami 1 829,0 mln so`m jamiyat hisob raqamiga kelib tushmagan bo`lsada, sun`iy ravishda iste`molchilarning interaktiv kartalariga kiritilib, neft mahsulotlari o`zlashtirilgan.
Ish xaqi va unga tenglashtirilgan to`lovlar bilan bog`liq jami 1 066,8 mln so`mlik ortiqcha to`lovlar va moliyaviy xato-kamchiliklar aniqlangan.
Jamiyatning markaziy neft mahsulotlari ombori va tasarrufidagi FYoTShlarda jami 564,5 mln so`mlik neft mahsulotlari va 89,0 mln so`mlik asosiy vositalar va inventarlar kamomadlari aniqlandi.
Jamiyatning markaziy neft mahsulotlari omborida va “Ziyovuddin” filialida saqlanib kelinayotgan 6 365,6 tonna neft mahsulotlari “GOST” standart talablariga mos kelmasligi, yani sifatsizligi ma`lum bo`ldi.
Jamiyatga tegishli temir yo`l sexi, qozonxona va avtoxo`jaliklari tomonidan 520,0 mln so`mlik neft mahsulotlari asossiz hisobdan chiqarilgan.
Jamiyatning 2022 yil 1 dekabr holatiga muddati o`tgan debitor qarzdorligi 50 555,1 mln so`mni tashkil qilgan. Ushbu qarzdorlik bo`yicha majburiy undiruv choralari ko`rilmaganli oqibatida 14 173,0 mln so`mi umidsiz qarzga aylangan.
Jamiyat sobiq bosh hisobchisi o`z vazifasiga sovuqqonlik bilan qaraganligi natijasida 10 405,7 mln so`mlik qo`shilgan qiymat solig`i ortiqcha to`langan.
Jamiyat tasarrufidagi AYoQShda 29,0 mln so`m chakana savdo pul tushumlari o`z vaqtida Jamiyatning tegishli hisob raqamlariga kirim qilinmagan.
Shartnomalarning xarid qonunchiligiga to`g`ri kelishi tanlov asosida o`rganilganda qiymati 268,7 mln so`mlik shartnomalar davlat haridlari qonunchiligiga zid ravishda to`g`ridan-to`g`ri tuzilganligi aniqlandi.
Ta`kidlash joizki, o`rganish jarayonida jami 4 522,9 mln so`mlik pul mablag`lari Jamiyat hisob raqamiga undirilishi ta`minlandi.
Aniqlangan holatlarga huquqiy baho berish va kamomadlarga yo`l qo`ygan xodimlarga nisbatan qonuniy chora ko`rish maqsadida, to`plangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga taqdim etildi.
“O`zbekneftgaz” AJ tomonidan korrupsiyani oldini olishga doir chora-tadbirlar, korrupsiyaga va boshqa xato-kamchiliklarga oid huquqbuzarliklarni aniqlash, ularga chek qo`yish va xodimlarni ushbu yo`nalishda huquqiy ongini oshirish ishlari davom etmoqda.
“O`zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati






