AsosiyJamiyat

Qalbaki dori vositalarini qanday farqlash mumkin?

'Qalbaki dori vositalarini qanday farqlash mumkin?'ning rasmi

Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish Davlat markazi bo`lim boshlig`i Shoira Nazarova dori xarid qilayotganda qanday jihatlarga e`tibor qaratish kerakligi xususida ma`lumot berdi.

Qalbakilashtirish ham tovar nomiga (savdo nomi), ham jenerik dori vositalariga tegishli bo`lishi mumkin, – deydi mutaxassis. – Bunda, tarkibida tegishli yoki tegishli bo`lmagan ingredientlar kiritilgan, faol moddalar bo`lmagan yoki etarli bo`lmagan hamda soxta qadoqlangan mahsulotlarni kuzatishimiz mumkin. Ularni esa laboratoriya tahlil natijalari bo`yicha sifatli yoki sifatsizligi aniqlanadi va tegishli xulosa beriladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, dori vositasini xarid qilayotganda quyidagilarga e`tibor berish kerak:

Narx – qalbaki dori vositalari dorixonalarda original dori narxiga nisbatan arzon bo`ladi.

Mahsulot qadog`i – undagi harflar va raqamlar noaniq, tasvirlar xira va karton qutining o`zi yupqa va shaklini yaxshi ushlamaydi.

Seriya, raqam, shtrix-kod, ishlab chiqarish sanasi tushunib bo`lmaydigan darajada noaniq bo`ladi.

Qo`llash yo`riqnoma varag`i bosmaxonada bosilmagan, xuddi nusxalanganga o`xshaydi. Qadoqdagi va dorining o`z qolipidagi ishlab chiqarilgan sana va saqlash muddatlari bir-biriga mos kelmasligi mumkin.

Xarid qilayotgan dori vositasida yuqorida sanab o`tilgan belgilar sizni shubhalantirsa, dorixona tomonidan mazkur dori vositasiga tegishli muvofiqlik sertifikatini so`rang. Agarda bunday sertifikat mavjud bo`lmasa, ushbu holat yuzasidan Raqobatni rivojlantirish va iste`molchilar huquqlarini himoya qilish qo`mitasiga murojaat qilishingiz mumkin.

    Boshqa yangiliklar