AsosiyJamiyat

Davlat organlarining saytlar va blogerlarga to`lagan millionlari o`rganilmoqda

'Davlat organlarining saytlar va blogerlarga to`lagan millionlari o`rganilmoqda'ning rasmi

So`nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda davlat organlari va tashkilotlari tomonidan OAV hamda blogerlar orqali o`z faoliyatiga oid ma`lumotlarni e`lon qilish yoki boshqa turdagi reklama xizmatlari uchun sarflagan xarajatlari yuzasidan xabarlar e`lon qilindi.

Mazkur holatlar Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan o`rganilganda, tashkiliy tuzilmasida axborot xizmati shtat birliklari mavjud bo`lsada, ayrim davlat idoralari yoki davlat ishtirokidagi korxonalar tomonidan Internet nashrlari va reklama agentliklari bilan yirik miqdordagi to`g`ridan-to`g`ri shartnomalar tuzilgani aniqlandi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish Axborot xizmati xabar bermoqda.

Xususan, keng auditoriyaga ega axborot resurslariga o`z faoliyatiga doir ma`lumot, PR maqolalarni joylashtirish maqsadida davlat boshqaruvi organlari 50-700 mln so`mgacha, viloyat hokimliklari 50-100 mln so`mgacha, ayrim davlat ishtirokidagi korxonalar esa 3-4 mlrd so`mgacha bo`lgan miqdordagi shartnomalar imzolagan.

Ushbu shartnomalarga muvofiq, OAVning auditoriyasi, nufuzi va boshqa bir qator ko`rsatkichlaridan kelib chiqib, 1 ta axborot (maqola) joylashtirish yoki boshqa turdagi PR xizmatlari uchun narxlar o`rtacha 1,5 mln so`mdan 30 mln so`mgacha bo`lgan miqdorlarni tashkil etgan.

Vaholanki, qonunchilikda davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari axborot xizmatining asosiy vazifalari belgilab berilgan bo`lib, yuqorida qayd qilingan shartnomalar predmeti aslida axborot xizmatining funksional vazifasi hisoblanadi.

E`tiborlisi, ushbu shartnomalarning aksariyati to`g`ridan-to`g`ri tuzilgan bo`lib, ayrim shartnomalar bo`yicha mablag`lar ajratilishining huquqiy asoslari mavjud emasligi aniqlandi.

Xususan budjet tashkilotlariga tegishli bo`lgan jamg`armalarning Nizomida ushbu maqsadlarga pul mablag`lari ajratish nazarda tutilmagan.

Ushbu holatlar mablag`larning maqsadsiz sarflanishiga olib kelganligi bilan bir qatorda turli korrupsiyaviy omillarni keltirib chiqishiga sabab bo`lgan.

Shu bilan birga, etakchi OAVlar bilan shartnomalarning imzolanishi keng jamoatchilik, shu jumladan, mazkur OAVlar tomonidan buyurtmachi tashkilot faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga salbiy ta`sir ko`rsatmoqda.

O`rganish natijalari bo`yicha aniqlangan holatlar amaldagi qonunchilik normalariga muvofiq asosli sarflanganligini ko`rib chiqish uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligiga yuborildi.

Shuningdek, ushbu sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasiga kiritildi.

Jumladan, barcha davlat organlari va tashkilotlari tomonidan OAV, reklama agentliklari va boshqa tadbirkorlik sub`ektlari bilan matbuot anjumani, brifing, mavzuli teleko`rsatuv va boshqa tadbirlarni o`tkazish, reklama joylashtirish, maqola chop etish yuzasidan tuzilgan shartnomalar to`g`risidagi ma`lumotlarni belgilangan resurs va muddatlarda majburiy ravishda ochiq e`lon qilib borish; O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi tomonidan davlat va nodavlat OAVlarning ta`sischilari to`g`risidagi ma`lumotlarni har chorakda belgilangan resurslarda e`lon qilib borish tartibini joriy qilish taklif etilmoqda.

    Boshqa yangiliklar