Prezident Shavkat Mirziyoev Andijon tumanidagi Sadda tagi mahallasida bo`lib, aholi turmushi bilan yaqindan tanishdi.
Bu mahallada 3 ming 600 nafardan ortiq aholi yashaydi. Oilalar erdan unumli foydalanishning hadisini olgan. Keyingi yillarda “Har bir oila – tadbirkor” dasturi asosida parrandachilik, uzumchilik, issiqxonalar tashkil etilmoqda. Shuningdek, mahalla hududida to`qimachilik korxonasi, oziq-ovqat do`konlari va ustaxonalar bor.
O`tgan yili mahalla binosi yangidan qurilib, ko`chalar ta`mirlandi, ishkomlar barpo etildi.
Aholi bandligini ta`minlash, yoshlarning bo`sh vaqtini samarali o`tkazish bo`yicha qilinayotgan ishlar bu mahalla hayotida ham sezilmoqda. Buni mahallada ishsizlik kamligi, o`tgan yili birorta ham jinoyat bo`lmaganida ham ko`rish mumkin.
Davlatimiz rahbari shu erlik Diyor Mamadaliev xonadonida mehmon bo`ldi.
Ma`lumki, Andijon viloyatida aholi zich joylashgan. Uy-joyga talab katta. Jumladan, Mamadalievlar uyida ham besh oila yashayotgandi. Shu bois xonadon hovlisida tajriba tariqasida yig`ma uylar qurildi. Ular kamxarj, issiq-sovuq va yong`inga chidamli, qurish ham oson.
Prezident mezbonlarni yangi uylar bilan muborakbod etdi. Binoning loyihasi, qurilish materiallariga e`tibor qaratdi.
- Uy insonning eng asosiy ehtiyojlaridan biri. Ham davlat, ham tadbirkorlar tomonidan ko`plab turar joylar qurilayotgani xalqimiz manfaatini ta`minlayapti. Tanlov imkoniyatini kengaytirish uchun, ehtiyojmandlar uchun bunday arzon uylar ham kerak, - dedi Shavkat Mirziyoev.
Bunday uylarni ko`paytirish, ular uchun zarur qurilish materiallarini mahalliylashtirish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.






