2 fevraldan boshlab barcha hududlardagi AGTKShlar faoliyati bosqichma-bosqich tiklanadi. Bu haqida Energetika vazirligi xabar bermoqda.
Sovuq kunlarda tabiiy gazni birinchi navbatda aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obektlariga etkazib berish uchun avtomobillarga gaz to`ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSh) faoliyati vaqtincha to`xtatilgan edi.
Bugungi kunda gaz quvurlarida bosimning me`yorga kelishi natijasida aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obektlarini tabiiy gaz bilan bir maromda ta`minlash imkoni yaratilmoqda.
Shu sababli, joriy yil 2-fevraldan boshlab mahalliy hokimliklar tomonidan taqdim etilgan ro`yxat asosida AGTKShlar faoliyati bosqichma-bosqich yo`lga qo`yiladi.
AGTKShlarning faoliyat yuritish vaqti hududlar sharoitidan kelib chiqqan holda mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan tarzda amalga oshiriladi.
"AGTKShlar faoliyatidagi vaqt cheklovlari gaz quvurlarida bosimning ko`tarilib borishiga mos ravishda o`zgartirib boriladi" deyiladi xabarda.
01.02.2023 16:56
2 fevraldan barcha hududlardagi metan "zapravka"lar faoliyati bosqichma-bosqich tiklanadi






