Hukumat qarori (44–son, 31.01.2023 y.) bilan Umumiy o`rta ta`lim to`g`risidagi elektron shahodatnomalarni berish tartibi haqidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Nizomga ko`ra, bitiruvchilarga quyidagi turdagi shahodatnomalar beriladi:
- ️tayanch o`rta ta`lim to`g`risida shahodatnoma (9-sinf);
- ️tayanch o`rta ta`lim to`g`risidagi a`lo darajali shahodatnoma (9-sinf);
- ️umumiy o`rta ta`lim to`g`risidagi shahodatnoma (11-sinf);
- ️umumiy o`rta ta`lim to`g`risida (kumush medal bilan) shahodatnoma (11-sinf);
- ️umumiy o`rta ta`lim to`g`risidagi a`lo darajali (oltin medal bilan) shahodatnoma (11-sinf);
- ️psixik rivojlanishida nuqsoni bo`lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktabni (maktab-internat) tamomlaganlik to`g`risidagi sertifikat.
Shahodatnoma o`zbek va ingliz tillarida shakllantiriladi.
Buyurtma berish va shahodatnomani shakllantirish “Elektron shahodatnoma” axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.
Bunda har yili 1 dekabrgacha bitiruvchi haqida tegishli ma`lumotlar platformaga kiritilib, buyurtma shakllantiriladi.
Shahodatnomalar bitiruvchilarga har yili 20 iyunga qadar beriladi.
Bitiruvchilar shahodatnomani elektron platformadan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar to`g`risidagi ma`lumotlarni kiritish orqali bepul yuklab oladi.
Qarorga ko`ra, 2022/2023 o`quv yili yakunidan “Elektron shahodatnoma” axborot tizimiga bitiruvchilar haqidagi ma`lumotlar kiritib boriladi.






