Anqara Bosh prokuraturasi o`tgan hafta Turkiyaning Stokgolmdagi elchixonasi yaqinida Qur`onni yoqish aksiyasini uyushtirgan o`ng qanot ekstremistik “Qattiq kurs” partiyasi etakchisi Rasmus Paludan va niderlandiyalik siyosatchi Edvin Vagensveldga nisbatan tergov boshladi. Bu haqda TASS xabar bermoqda.
Ishning qo`zg`atilishiga ushbu shaxslarning Shvesiya va Gollandiyadagi so`nggi harakatlari sabab bo`lgan. Tergov materiallarida Paludanning 21 yanvar kuni Stokgolmda va 27 yanvarda Kopengagenda Qur`onni yoqib yuborgan harakatlari haqida so`z boradi.
Bundan tashqari, prokuratura Niderlandiyada faoliyat yurituvchi “Vatanparvar evropaliklar G`arbning islomlanishiga qarshi” (PEGIDA) o`ng qanot ekstremistik harakati rahbari Edvin Vagensveld bilan qiziqib qoldi. Tergov Turkiya Jinoyat kodeksining bir qator moddalari, xususan, nifoq va adovat qo`zg`atish, diniy qadriyatlarni oyoq osti qilish, e`tiqodni omma oldida haqorat qilish uchun javobgarlik bilan bog`liq moddalar asosida boshlangan.
Paludanning aksiyalari Turkiya va Shvesiya o`rtasida jiddiy janjalga sabab bo`ldi. Qur`on yoqishdan oldingi nutqida u Turkiya prezidenti Toyib Erdo`g`onni tanqid qilgan, shuningdek, Muhammad payg`ambar karikaturasini ham ko`rsatgan. Erdo`g`onning aytishicha, Stokgolmdagi bu va Turkiyaga qarshi boshqa harakatlardan so`ng Shvesiya Anqaradan uning NATOga kirish arizasini qo`llab-quvvatlashini kutmasligi kerak. Turkiya tashqi ishlar va mudofaa vazirliklari rahbarlari ham xuddi shunday ruhda so`zlashdi.
Ayni paytda Shvesiyaning arizasini tasdiqlash bilan bog`liq jarayon to`xtatilgan. Shvesiya va Finlyandiyaning NATOga a`zo bo`lishlari uchun tegishli qonun loyihasining Turkiya parlamenti tomonidan ma`qullanishi kerak.






