AsosiyJamiyat

Surxondaryoda topib olingan ayiq bolasiga nom qo`yish uchun tanlov e`lon qilish rejalashtirilmoqda

'Surxondaryoda topib olingan ayiq bolasiga nom qo`yish uchun tanlov e`lon qilish rejalashtirilmoqda'ning rasmi

Tabiat resurslari vazirligi tasarrufidagi “Uzun” davlat o`rmon xo`jaligi hududida taxminan 11 oylik ayiq bolasi topib olgani haqida xabar berilgan edi. 

U Tyan-Shan qo`ng`ir ayig`i turiga mansub bo`lib, Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqining “Qizil ro`yxati” va O`zbekiston “Qizil kitobi” ga kiritilgan.

Qayd etilishicha, dastlab ayiqni ochiq tabiat qo`yniga qo`yib yuborish masalasi muhokama qilingan. Ammo ayni damda anomal sovuqdan keyin ozuqa topish qiyinligi, yosh ayiq bolasini turli ko`ngilsizliklardan asrash maqsadida Toshkent hayvonot bog`iga olib kelingan.  

“Bunday turdagi ayiqlar kam tarqalgan, O`zbekiston faunasi uchun noyob tur hisoblanadi, — dedi Tabiat resurslari vazirligi boshqarma boshlig`i Abdurashid Sodiqov. — Shu bois Toshkent hayvonot bog`i ma`muriyati yordami bilan ayiq bolasini zamonaviy reabilitasiya markaziga joylashtirdik. Ayni damda ayiq bolasining ahvoli yaxshi”.  

Ta`kidlanishicha, Toshkent hayvonot bog`i reabilitasiya markazi Markaziy Osiyoda yagona hisoblanadi. O`tgan yili foydalanishga topshirilgan markaz Germaniya loyihasi asosida qurilgan hamda eng so`nggi nemis laboratoriya uskunalari bilan jihozlangan.  

Tabiat resurslari vazirligi matbuot xizmatining ma`lum qilishicha, ayni damda ayiq bolasi karantinda saqlanmoqda. U erda ayiq maxsus resept asosida parvarish qilinyapti.

“Anomal sovuqda ayiqlar uyquga ketadi. Bu ayiq bolasining ham onasi qattiq uyquda bo`lgan, u esa onasidan uzoqqa harakatlanib ketgan. Natijada ozuqa topishga qiynalgan. Shuning uchun ham hozir uning vazni 18 kilogrammga teng, aslida esa u 35-40 kg bo`lishi kerak edi. Birinchi kunda aynan nima eyishini bilib bo`lmadi. Sekin-asta meva-sabzavotlar, guruch, go`sht va boshqa eydigan rasionini aniqlab olyapmiz, — dedi Toshkent hayvonot bog`i bosh veterinari Ahmadjon Kuzibaev. — Aslida, ayiqlar rasionining taxminan 20 foizini go`sht tashkil qiladi. Ammo hozircha bu ayiq bolasiga engiroq ovqat beryapmiz. Vaqt o`tgani sari rasionni kuchaytirib boramiz”.  

Abdurashid Sodiqov Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimov tashabbusi bilan ayiq bolasiga nom qo`yish uchun tanlov e`lon qilinishini ma`lum qildi. Tanlov g`olibi yil davomida Toshkent hayvonot bog`iga bepul kirish huquqini beruvchi sertifikat bilan taqdirlanadi.

Aytilishicha, karantin muddati tugagach, ayiq bolasini holatiga qarab ochiq tabiat bag`riga qo`yib yuborish rejalashtirilgan.

    Boshqa yangiliklar