Sog`liqni saqlash vazirligi yangi tashabbus bilan chiqdi. Unga ko`ra, joriy yil 1 fevraldan 1 martgacha yurtimizda “Qishloq xo`jaligi xodimlari salomatligi oyligi” aksiyasi o`tkaziladi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Bu davrda mamlakatimizdagi agrar soha xodimlari — fermerlar, dehqon, bog`bonlar, klaster xodimlari va ularning oila a`zolari, avvalo, profilaktik va chuqurlashtirilgan tibbiy ko`riklar hamda skriningdan o`tkaziladi.
Tekshiruv natijalariga muvofiq, aniqlangan kasalliklar bo`yicha davlat ko`magida ularning salomatligini tiklash va mustahkamlash choralari ko`riladi.
Buning uchun dastlab agrar soha xodimlari orasidan tibbiy xizmatga ehtiyoji bor kontingent hamda ularning oila a`zolari ro`yxati shakllantirilib, ular yoshi, jinsi va salomatlik holatidan kelib chiqib, tegishli guruhlarga ajratiladi.
Shundan so`ng ular maxsus tibbiy brigadalar tomonidan profilaktik va chuqurlashtirilgan tekshiruvlardan o`tkaziladi.
Tibbiy ko`riklar yakunida:
- hayotida ilk bor surunkali kasallik aniqlanganlar dispanser nazoratiga olinib, individual sog`lomlashtiriladi;
- o`tkir va surunkali xastaliklar qayd etilgan bemorlardan bir guruhi birlamchi bo`g`indagi kunduzgi shifoxonalarda ambulator sharoitda, stasionar yordamga muhtoj qatlam esa tuman, shahar hamda viloyat miqyosidagi tibbiyot muassasalarida davolanadi;
- yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamga ehtiyoji bor bemorlarga viloyat va respublika muassasalariga imtiyozli yo`llanmalar taqdim etiladi.
O`z navbatida, olis va chekka hamda chegara hududlarda sayyor tibbiy brigadalar tomonidan ko`riklar o`tkaziladi.
Agrar soha xodimlari va ularning oila a`zolari orasida homiladorlar, yangi farzandli bo`lgan ayollar, chaqaloqlar, yotib qolgan, keksa, o`zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bor shaxslar bo`lsa, ushbu qatlam oila shifokori va oila hamshiralari tomonidan patronaj qilinib, zarur hollarda tor soha mutaxassislari ishtirokida xonadonlarning o`zida ko`riklar amalga oshiriladi.
Shuningdek, tibbiy tekshiruv natijalari bo`yicha mehnatga qobiliyatini turg`un yo`qotgan, organizm funksiyasi buzilishi va hayot faoliyati chegaralanishi aniqlangan qatlamga nogironlikni belgilash uchun tegishli organga yo`llanmalar beriladi.






