Bugun, 30 yanvar kuni soat 08:20 larda Toshkent viloyati Bo`stonliq tumani “Chorvoq” qo`rg`onidagi 2 qavatli uyning xonadonlaridan birida gaz-havo aralashmasining chaqnash sodir bo`lgan. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
Ma`lum bo`lishicha, yuzaga kelgan kinetik zarba natijasida xonadon devor va shiftiga shikast etgan.
Voqea joyiga zudlik bilan tuman FV bo`limi qutqaruvchilari etib borgan. Chaqnash oqibatida 4 nafar fuqarolar turli darajada tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan.
Hodisa joyiga viloyat FVB rahbariyati, IIB, SSB, prokuratura hamda “Hududgazta`minoti” hodimlari chiqishgan.
Mazkur holat yuzasidan dastlabki tergov oldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o`tamiz, avvalroq Andijon va Nukusdagi ko`p qavatli uyda gaz portlagani haqida xabar bergan edik. Qoraqalpog`istonda portlagan uyda 5 nafar fuqaro vafot etgani hamda bitta bola qutqarib olingani aytilgandi.






